Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyat bojxona boshqarmasi “Oybek” chegara bojxona posti orqali piyoda tarzda chiqib ketayotgan fuqaroning qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganida yo‘lovchining sumkasida bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan jami 410 ming Rossiya rubli va 4 ming 870 yevro borligi aniqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 66-sonli qaroriga muvofiq fuqaroga 4 ming 870 yevro va 190 ming Rossiya rubli qaytarib berildi, qolgan 220 ming Rossiya rubli esa huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha saqlovga olindi.

“Navoiy” chegara bojxona postida ham shunga o‘xshash holat qayd etildi. Qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan yo‘lovchi shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Fuqaro shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda qorin qismida shim ichiga yashirilgan, og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 630 ming Rossiya rubli naqd xorijiy valyutasi borligi aniqlandi.
Hozir mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
***
Toshkent viloyatida havo sifatini yaxshilash hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish loyihasi amalga oshiriladi.

Buning uchun 2027-yil 1-oktabrgacha hududda zarur uskunalar o‘rnatilib, tizim bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Loyihaning ilk bosqichida Bo‘stonliq tumani Piskom tog‘ darasida joriy yil davomida 3–5 ta pilot tajriba o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur tashabbus “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Uning natijasida hududda havo ifloslanishini kamaytirish, iqlim sharoitini yaxshilash va aholi uchun qulay ekologik muhit yaratishga xizmat qiladi.
***
Toshkent tumanida istiqomat qiluvchi Abdullayevlar xonadonida 2 nafar o‘g‘il va 2 nafar qiz dunyoga keldi. Ona kesarevo kesish amaliyoti orqali tug‘dirildi. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi.

Egizaklarning vazni 1 ming 400 grammdan 1 ming 800 grammgacha bo‘lib, hozir ona va chaqaloqlarning umumiy ahvoli qoniqarli. Ular shifokorlar nazorati ostida zarur muolajalarni olmoqda.
A. Musayev, O‘zA