Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tashabbusi bilan har jabhada faollik ko‘rsatayotgan mahallalar yoshlar yetakchilari, yigit-qizlarni rag‘batlantirish uchun 374 million 240 ming so‘m ajratilgan edi.
Shunga asosan eng faol 88 nafar yetakchilarga 2 million so‘m miqdorida pul mukofotlari yetkazib berildi. Ayni kunlarda esa ana shunday tashabbuskor, eng faol 88 nafar yetakchilarning ota-onalariga viloyat hokimi tashakkurnoma yo‘lladi.
Tuman va shahar mutasaddilari yoshlar yetakchilarining xonadonida bo‘lib, ularning ota-onasiga viloyat rahbarining etirofi va rag‘batini yetkazdi. Ma’lumot uchun, yaqin kunlarda eng faol yetakchilar uchun Bo‘stonliq tumanida o‘quv-seminar tashkil etiladi.


***
Nurafshon shahri hududidan ajratilgan 8 gektar yer maydonida “Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi xodimlari uchun Malaka oshirish instituti” (Toshkent viloyati pedagogik mahorat markazi) qurilmoqda. Unga ko‘ra, “A”, “B”, “V” bloklardan iborat majmuada ma’muriy hamda 650 o‘rinli o‘quv binolari, 200 o‘rinli yotoqxona, 100 o‘rinli oshxona, dam olish joylari o‘rin oladi.
Qurilish qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 50,7 milliard so‘m etib belgilangan. Mazkur maskan 2025 yilning sentyabr oyida foydalanishga topshirilishi reja qilingan.


***
Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi inspektorlari tomonidan Chirchiq shahri hududlarida ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Xususan, “Iftixor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Yangi O‘zbekiston” massiviga kirish qismida joylashgan “D.S” MCHJ mas’ul xodimi tomonidan savdo do‘konlari va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini qurish uchun mo‘ljallangan joydagi 4 tup yong‘oq daraxti hech qanday ruxsatnomalarsiz kesilgani aniqlandi.
Bu harakatlari bilan huquqbuzar “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining tegishli moddalari talablarini buzgani va tabiatga 247 million 500 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib Toshkent viloyati Prokuraturasiga yuborildi.

A.Musayev, O‘zA