Toshkent tumanida sertifikatsiz dori vositalari aniqlandi
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Shaxsiy xavfsizlik tezkor xodimlari tomonidan Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent tumani hududida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tezkor tadbir davomida Toshkent tumanidagi “Bunyodkor” MFY hududida joylashgan xonadon belgilangan tartibda, xolislar va tadbir ishtirokchilari ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Ko‘zdan kechirish jarayonida xonadonning yerto‘lasidan 25 turdagi jami 1 ming 913 dona dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalar aniqlandi. Ma’lum qilinishicha, mazkur dori vositalari tibbiy sertifikatlarga ega bo‘lmagan. Shu bois mahsulotlar tezkor tadbir davomida ashyoviy dalil sifatida olindi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aniqlangan mahsulotlarning umumiy qiymati qariyb 400 million so‘mni tashkil etadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan qonunbuzarga nisbatan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
A.Musayev, O‘zA