Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanishni rag‘batlantirish tirbandliklarga yechim bo‘lishi mumkin
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida poytaxtda transport harakati xavfsizligini oshirish, tirbandliklarni kamaytirish va yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qo‘mita raisi Qutbiddin Burhonov avtomobillar sonining oshib borishi harakatni tartibga solishda zamonaviy, ilg‘or yondashuvlarni joriy etishni talab etayotganini qayd etdi. Jahon tajribasida metropoliten, jamoat transporti va “Park&Ride” kabi modellardan foydalanish tirbandliklarni kamaytirishda o‘zining yuqori samarasini ko‘rsatmoqda.

Majlisda Toshkent shahridagi asosiy muammolar atroflicha ko‘rib chiqildi. Jumladan, piyodalar va velosipedchilar uchun xavfsiz infratuzilmaning hali ham yetarli darajada emasligi, ayrim yirik chorrahalarda yo‘l harakatini tartibga soluvchi “aqlli” svetofor tizimlarining to‘liq ishga tushmagani ta’kidlandi.
Poytaxtda transport muammosini hal etishning eng samarali yo‘li sifatida aholining shaxsiy avtomobildan jamoat transportiga o‘tishini rag‘batlantirish va shaharga kirib kelishda va metro bekatlari atrofida yirik avtoturargohlarni tashkil etishni jadallashtirish lozimligi qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilari ushbu masalalar nafaqat tirbandliklarni kamaytirishga, balki piyodalar va haydovchilar xavfsizligini ta’minlashga ham bevosita ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
Toshkent shahrida transport harakatini optimallashtirish, jamoat transportidan foydalanishni rag‘batlantirish, “aqlli” svetofor yechimlarini joriy etish va axborot texnologiyalari asosida boshqaruvni kuchaytirishga oid aniq vazifalar belgilab olindi.
N.Abduraimova, O‘zA