Toshkent metro qurilishida yangi davr
Toshkentda yoʻlovchilar tashish transportining yangi – yer usti aylanma metro yoʻnalishi barpo etilmoqda. Mazkur yer usti metrosining umumiy uzunligi 52,1 kilometrni tashkil etadi.
Yangilanayotgan Oʻzbekiston
II-qism
Toshkentda yoʻlovchilar tashish transportining yangi – yer usti aylanma metro yoʻnalishi barpo etilmoqda. Mazkur yer usti metrosining umumiy uzunligi 52,1 kilometrni tashkil etadi.
Ushbu yoʻnalish boʻyicha poyezdlar soatiga 60 kilometr tezlikda yuradi. Maʼlum maʼnoda shahar atrofi boʻylab, ayniqsa, xorijlik sayyohlar uchun safar, ekskursiya qilish vazifasini ham bajaradigan halqa boʻylab yoʻlni bosib oʻtishga 1 soat-u 10 daqiqa vaqt ketadi.
Yangi metro Yashnobod, Uchtepa, Olmazor, Yunusobod, Chilonzor va Sirgʻali tumanlari hududlaridan oʻtadi. Prezidentimiz muhim boʻlgan bu transport inshooti – doira shaklida poytaxt atrofidan yer ustidan oʻtadigan aylanma metro yoʻnalishi qurilishini tezlashtirish va uni muddatidan bir yil ilgari ishga tushirishni topshirgan edi. Yer usti metrosi ishga tushgach, Toshkent shahri aylanma liniyasida harakat qiladigan metro kuniga 40 ming yoʻlovchini manziliga eltib qoʻyadi.
Yer usti metrosining barcha 5 navbati foydalanishga topshirilgach esa yer ustidan poytaxtni tomosha qilib oʻtadigan metro kuniga 1 millionga qadar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadi. Yana bir qulayligi shundaki, yoʻlovchi bugungi yer osti metrosining istagan kassasidan bitta jeton sotib olib, yangi aylanma yoʻldan poytaxtning metro borgan istagan hududiga bemalol yetib bora oladi. Bugun Toshkent metropolitenining umumiy uzunligi 36 kilometr. Metro quruvchilar yer osti temir yoʻllarini yana 10 kilometrga uzaytirishga kirishdilar.
Rejalar katta. 2025-yilga borib Toshkent metropoliteni yana 4 barobar kattalashadi va poytaxt yer osti temir yoʻllarining umumiy uzunligi 157 kilometrni tashkil qiladi. Sharq meʼmorchiligi uslubida qurilgan 14 ta yangi yer osti saroyi qad koʻtaradi, ulardan bir metro liniyasidan boshqasiga oʻtish imkoniyati paydo boʻladi. Toshkent metrosi bosqichma-bosqich 10 navbatga boʻlib barpo etilmoqda. Metro yangi yoʻnalishlaridan har birining uzunligi 20 kilometrga qadar boʻladi.
Yer osti temir yoʻlining yana bittasi – “Doʻstlik” metro stansiyasidan boshlanib, yangi barpo etilayotgan “Toshkentning Sharq darvozasi” aeroporti orqali oʻtib, Yangi shahargacha boʻlgan 11,6 kilometrlik liniyadir. Keyingisi esa “Buyuk ipak yoʻli” metro stansiyasidan “Traktor zavodi”ga qadar 8,3 kilometrdan iborat yoʻnalish qurilishi rejalashtirilmoqda.
Eng uzun yer osti yoʻnalishi “Beruniy” metro stansiyasidan boshlanib, Qoraqamish turar joy massividan oʻtadi. Uning uzunligi 17,6 kilometr. Qurilishi bir necha oʻn yil toʻxtab qolgan Toshkent metrosi 15 ta stansiyasining yangi saroylari bir-ikki yilda foydalanishga topshiriladi, deb kim ham tasavvur qilgan edi?! Yangi metro stansiyalarining ikkitasi Yunusobod tumani hududida ishga tushiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga kelayotgan murojaatlar tahlil qilib koʻrilganda, arizalarning aksariyati uy-joy va transport muammolari haqida ekanligi maʼlum boʻldi.
Sergelida metroning yer usti yoʻnalishi qad koʻtarmoqda. Yer ostidan oʻtadigan anʼanaviy metro liniyasining Yunusoboddagi qurilishi davom etayapti, shuningdek, poytaxt atrofidagi yer usti aylanma metro yoʻnalishi qurilishi ham jadal surʼatlar bilan bormoqda.
Metroning 2017-2021-yillarga moʻljallangan liniyalari qurilishi besh navbatga taqsimlab rejalashtirilgan. U 20 dan ortiq yer osti va yer usti saroyi – metro stansiyalaridan iborat boʻladi. “Doʻstlik” va “Olmazor” stansiyalaridan boshlanadigan metroning dastlabki ikki navbatini shu yil ishga tushirish rejalashtirilgan. Yer osti temir yoʻlining “Olmazor” stansiyasi bilan “Beruniy” stansiyalarini bogʻlaydigan qismi esa uchinchi navbatda foydalanishga topshiriladi. Keyin “Beruniy” bilan “Bodomzor” metro stansiyalari oʻzaro bogʻlanadi.
Metro qurilishi “Doʻstlik” stansiyasining qurilish-montaj va bezash ishlari bilan yakunlanib, stansiya yer osti temir yoʻllari bilan bogʻlanadi.
Maʼlumki, ilgari Toshkentda qurilishi rejalashtirilgan tezyurar elektrlashtirilgan aylanma temir yoʻl yer usti metrosi bilan almashtirildi. Yangi liniyaning 50,5 kilometri yerdan 6 metr balandlikda, 1,6 kilometri yer ustidan oʻtadi. Loyiha boʻyicha aylanma yoʻl 2021-yilda bitishi kerak edi.
Davlatimiz rahbari metro loyihachilari va quruvchilari oldiga bu yoʻlni muddatidan bir yil oldin, 2020-yilda ishga tushirish vazifasini qoʻydi. Yer usti metro yoʻnalishi boʻyicha 32 estakada, 2 ta yer usti stansiyasi qad koʻtaradi. Shuningdek, uchta vagon deposi, oʻnlab elektr podstansiyalari quriladi.
Qurilish-montaj ishlarida 8 ming ishchi mehnat qilmoqda. Shu kunlarda yer usti aylanma metro yoʻlining “Rohat” koʻli yonidan oʻtadigan “Doʻstlik” – “Qoʻyliq” yoʻnalishidagi 11 kilometrlik estakada yoʻli qurilishi jadal surʼatlar bilan olib borilmoqda. Yana bir narsani alohida taʼkidlash joizki, metro qurilishida yangi yoʻnalishlar tushadigan yoʻllarning 90 foizi qurilish davrida ham avtomobil harakati uchun ochiq boʻldi. Bu ishlarning barchasi shahar aholisi uchun qulaylik yaratish va poytaxt yoʻllarida transport toʻxtab qolish hollarining oldini olish imkonini berdi.
Shunday qilib, 2020-2025-yillarda Toshkent metropolitenining yangi, qoʻshimcha yer osti saroylari, temir yoʻllar, yoʻnalishlar, depo, elektr podstansiyalari ishga tushadi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri saylovchilari vakillari bilan uchrashuvda ham poytaxtimizdagi uy-joy muammosiga alohida eʼtibor qaratgan edi. Uchrashuvda mutlaqo yangi dastur qabul qilingani, unga binoan mavzelar barcha ijtimoiy obyektlar bilan taʼminlanishi, muhandislik tarmoqlariga ulanishi, uylar atrofi obodonlashtirilishini taʼkidlagan edi.
Saytimizni kuzatib boring.
(davomi bor)