Toshkent konferensiyasining seksiya yig‘ilishlari
“Afg‘oniston: Xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya seksiya yig‘ilishlari shaklida davom etmoqda.
Tadbirlar davomida Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan tiklash, afg‘on xalqining hozirgi va kelgusi avlodlari uchun uzoq kutilgan tinch hayotni ta’minlashga qaratilgan infratuzilmaviy hamda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqilyapti.

“Gumanitar taraqqiyot – Afg‘onistonning tinch kelajagiga yo‘l” va “Iqtisodiyotning tiklanishi – Afg‘onistonda mustahkam tinchlik asosi” mavzularidagi davra suhbati chog‘ida “Toshkent - Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li qurilishi, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘ini shakllantirish, “Gumanitar yordam bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi hamda Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish-ta’lim markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha gumanitar va infratuzilma loyihalari taqdimoti o‘tkazilyapti. Ayni mavzulardagi ma’ruzalar qizg‘in muhokama, munozaraga aylanmoqda.

Muloqot davomida xorijlik mutaxassislar mamlakatmizning Markaziy Osiyoda xavfsizlik, tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash hamda Afg‘onistonni terrorizmdan, urushdan xoli tinch, farovon mamlakatga aylantirish yo‘lida olib borayotgan izchil sa’y-harakatini e’tirof etishmoqda.

B.Xudoyberdiyev,
U.Mahmirzayev,
N.Haydarov (surat), O‘zA