To‘rtko‘lda o‘quvchilarning yozgi ta’tili mazmunli tashkil etilmoqda
FOTOREPORTAJ
Ayni paytda mamlakatimizdagi umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilar yozgi ta’tilni mazmunli o‘tkazmoqda. Bu davrda yoshlarning dam olishini to‘g‘ri tashkil etish, shuningdek, maktabdan tashqari to‘garaklarga jalb etilgan bolalar uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
Shu maqsadda “Kelajak” markazlari pedagoglari va to‘garak rahbarlari oldiga yozgi ta’til davomida o‘quvchilarni musiqa, san’at, ijod, kasb-hunar va sport to‘garaklariga keng jalb etish vazifasi qo‘yilgan.
Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi “Kelajak” markazi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Nafaqat markaz binosida, balki tumanning chekka hududlaridagi umumta’lim maktablarida ham “Sog‘lomlashtirish maydonchalari” tashkil etilgan.
[gallery-30308]
“Dolzarb 90 kunlik” dasturi doirasida “Mental arifmetika”, “Yumshoq o‘yinchoq”, “To‘qish”, “Liboslar dizayni”, “Munchoqli bezak”, “Kompyuter muhandisligi”, “Ingliz tili”, “Tasviriy san’at”, “Shaxmat-shashka”, “Yosh duradgor”, “Oila hamshirasi”, “Yosh konstruktor” kabi to‘garaklarda har bir mavsumda 500 nafarga yaqin o‘quvchi mashg‘ulot olib bormoqda.
Bundan tashqari, to‘garak tarbiyalanuvchilarining qobiliyatini rivojlantirish, ular qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash va barkamol avlod tarbiyasiga xizmat qilish maqsadida ijodiy ko‘rik-tanlovlar, san’at festivallari, qiziqarli viktorina va zakovat o‘yinlari, shuningdek, sport musobaqalari muntazam tashkil etilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA