To‘qqiz oylik faoliyat sarhisob qilindi
Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Diyorbek Sattarov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tizimning joriy yilgi to‘qqiz oylik faoliyati sarhisob qilindi. Muhokamalar davomida jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olish, kriminogen vaziyat barqarorligini saqlash, aholi bilan manzilli ishlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, xizmat intizomiga rioya etish va qonuniylikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy baholandi. Yig‘ilishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, profilaktika tadbirlarini yanada samarali tashkil qilish va fuqarolar murojaatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Zero, ichki ishlar organlari faoliyatining samarasi nafaqat sodir etilgan huquqbuzarliklarga munosabat bildirish, balki ularning oldini olish, aholi ishonchini mustahkamlash va har bir fuqaroning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ham namoyon bo‘ladi.

Tashrif doirasida vazir o‘rinbosari Jizzax viloyatIIB Tezkor boshqaruv markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Bu yerda zamonaviy monitoring tizimi, "Qalqon" platformasiga integratsiya qilingan videokuzatuv kameralari hamda operativ vaziyatni real vaqt rejimida kuzatish imkoniyatlari ko‘zdan kechirildi. Mazkur texnik imkoniyatlar hududdagi vaziyatni tezkor tahlil qilish, ehtimoliy xavf-xatarlarga o‘z vaqtida munosabat bildirish va tegishli xizmatlar harakatini muvofiqlashtirishda muhim o‘rin tutadi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha belgilangan vazifalarning izchil bajarilishi, profilaktik ishlarning ta’sirchanligini oshirish va xizmat faoliyatida qonuniylikka qat’iy amal qilish ustuvor vazifalar sifatida belgilab olindi. Asosiy maqsad Jizzax viloyatida jamoat tartibi va osoyishtalikni mustahkamlash, fuqarolarning xavfsiz hayotini ta’minlash hamda aholi ishonchini amaliy ishlar bilan oqlashdir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri