Tomorqadan unumli foydalanish — oilaviy daromad manbai
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanining Arabxona mahallasida yashovchi Murod Mehmonqulov tomorqasida issiqxona tashkil etib, yil davomida sabzavot va ko‘kat mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan.
Bugun yurtimizda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, xonadonlarda kichik ishlab chiqarishni rivojlantirish, fuqarolarning bandligini ta’minlash va oilaviy daromadini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilayotgan bunday sa’y-harakatlar har bir qarich yerdan unumli foydalanish, aholining tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Arabxona mahallasida istiqomat qiluvchi Murod Mehmonqulov ham ana shu imkoniyatlardan foydalanib, o‘z xonadonida issiqxona tashkil etgan. Mehnat faoliyatini migratsiyadan qaytgach, imtiyozli bank krediti asosida boshlagan xonadon sohibining bugungi maqsadi — yerdan yilning to‘rt faslida ham daromad olish.
U dastlab bahorgi mavsumda issiqxonasida pomidor va bodring yetishtirib, qariyb 30 million so‘m daromad oldi. Ayni paytda esa tuzlashga mo‘ljallangan “Konkurent” navli bodring parvarishi bilan band. Dehqonning hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy hosildan kamida 15 million so‘m atrofida foyda olish rejalashtirilgan.
Bodring yetishtirishda nav tanlash, uning kasallik va zararkunandalarga chidamliligi, hosildorligi hamda mahsulot sifati muhim o‘rin tutadi. Murod Mehmonqulov ham bozor talabini inobatga olgan holda, asosan tuzlash uchun mo‘ljallangan navni tanlagan. Chunki bunday bodringning eti zich, qirsildoq bo‘lib, qayta ishlash va tuzlama tayyorlashda xaridorgir hisoblanadi.

— Issiqxonamizda yil davomida sabzavot va ko‘kat mahsulotlari yetishtiriladi. Bodring, pomidor, bulg‘or qalampiri, kartoshka, qulupnay ekib, mavsumga qarab hosil olamiz. Issiqxonaning bo‘sh joylaridan ham unumli foydalanish maqsadida ko‘kat yetishtirishni yo‘lga qo‘yganmiz. Bundan tashqari, hovuz qazdirib, unga baliq chavoqlarini ham tashlaganmiz. Asosiy maqsadimiz — mavjud imkoniyatlarni ishga solib, xonadon daromadini oshirish, — deydi Murod Mehmonqulov.
E’tiborlisi, bu xonadonda yerdan foydalanish faqat bir turdagi ekin yetishtirish bilan cheklanmagan. Sabzavotchilik, ko‘katchilik va baliqchilikni bir-biriga uyg‘unlashtirish orqali mavsumiylikka bog‘liqlikni kamaytirish, issiqxonaning har bir qarich maydonidan samarali foydalanishga intilish bor. Bu esa tomorqachilikni oddiy ro‘zg‘or yumushidan oilaviy tadbirkorlik darajasiga olib chiqish mumkinligini ko‘rsatadi.
Darhaqiqat, tomorqa — faqat oila ehtiyojini qoplaydigan yer emas, balki to‘g‘ri yondashuv, mehnat va hisob-kitob orqali barqaror daromad keltiradigan imkoniyatdir. Ayniqsa, issiqxona tashkil etish, ekinlarni bozor talabiga qarab tanlash va yerdan yil davomida foydalanish orqali bir xonadonning o‘zida bir nechta daromad manbaini shakllantirish mumkin.
Murod Mehmonqulovning tajribasi ham bunga bir misoldir. Muhimi, u mavjud imkoniyatni kutib o‘tirmay, mehnat va tashabbus bilan uni daromad manbaiga aylantirmoqda. Bunday xonadonlar ko‘paygani sari mahallada bandlik, aholi farovonligi va bozorlarimizda mahalliy mahsulotlar mo‘l-ko‘lligi ham ortib boradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri