Tomorqachilik rivoji farovonlik omili
Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazida uch kunlik o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Unda Xorazm, Navoiy, Sirdaryo viloyatlarida faoliyat yuritayotgan fermer va tomorqachilarning sohaga tegishli bilim va ko‘nikmalarini oshirishda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimlari hamda Soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal instituti o‘qituvchilari ishtirok etdi.
O‘quv mashg‘ulotlarida fermer xo‘jaliklarining buxgalteriya hisobi yuritilishi, tovar-moddiy zaxiralari, pul mablag‘lari, debitorlik, kreditorlik qarzlarini inventarizatsiyadan o‘tkazishni ta’minlash, soliq hamda boshqa majburiy to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanishini tashkil etish, moliyaviy va statistika hisobotlarini tuzishga oid bilim, ko‘nikmalar shakllantirildi.


– Maqsadimiz meva-sabzavot va bog‘dorchilik mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning innovatsion shakllari va texnologiyalarini o‘zlashtirish, shuningdek, parranda, baliq, quyon, asalari hamda mayda shoxli mollarni intensiv usulda ko‘paytirish orqali tomorqachilik ilmini ommalashtirishdan iborat, – deydi Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi direktori Z.Eshnayev. – Buning uchun tegishli hujjatlar asosida milliy markazimizga 1,24 gektar maydon ajratib berilgan. Hozirda yurtimizda 502,8 ming gektarda 5,5 million nafardan ortiq tomorqa egalari faoliyat yuritayotgani, ular tomonidan kartoshkaning 84 foizi, sabzavotning 71 foizi, poliz, uzum va mevalarning 55-60 foizi, chorvachilik mahsulotlarining 94 foizdan ortig‘i yetishtirilayotgani tahsinga loyiq.

Albatta, tomorqachilikni rivojlantirish yo‘lida o‘quv markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi kelgusida aholining o‘z shaxsiy tomorqalaridan samarali foydalanishi, yiliga 3-4 marta hosil olishi va bozorlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘lishiga xizmat qiladi. O‘quv mashg‘ulotlari yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
N.Bozorova, O‘zA