Tomorqa yer egalari uchun ko‘rgazmali seminar
Jizzax viloyatining Yangiobod tumanida “Tomorqadan samarali foydalanish, bu borada yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar” mavzusida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Tumandagi “Sarmich” mahalla fuqarolar yig‘ini “Jo‘langar” qishlog‘ida o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimligi, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, dehqon va fermerlar, mahalladagi “Tomorqa xizmatlari” vakillari va tomorqa yer egalari ishtirok etdi.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining Jizzax viloyatidagi vakillari aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, hudud iqlimidan kelib chiqqan holda yopiq va ochiq maydonlarda mahsulot yetishtirish yuzasidan zarur tavsiyalar berdi. Shuningdek, tomorqa yer egalarining mazkur sohadagi zamonaviy tajribalarini yanada oshirish maqsadida uslubiy qo‘llanmalar tarqatildi.
Seminar davomida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kredit asosida hudud iqlimiga mos bo‘lgan 2 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari tarqatilib, tomorqadan foydalanish uchun zarur bo‘lgan “motokultivator” va boshqa anjomlar ham kredit asosida berilishi tushuntirildi. Kunning ikkinchi yarmida “Jo‘langar” qishlog‘idagi o‘z tomorqasidan unumli foydalanib kelayotgan bir qator xonadonlarda daraxt, gul ko‘chatlari, turli sabzavot, poliz va boshqa ekinlar ekishda nimalarga e’tibor qaratish va ekish jarayonida amal qilinishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar ko‘rgazmali tarzda davom etdi.
Issiqxonalardan foydalanish, ekinlarni parvarishlash agrotexnologiyalari, issiqxonada bir vaqtda bir necha xil ekin ekib, yerdan samarali foydalanish bo‘yicha maslahatlar berildi. Ko‘rgazmali seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining Jizzax viloyatidagi vakillari hamda Yangiobod tuman hokimligi mutaxassislaridan javoblar oldi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA