Tomas Tuxel: “Natijadan xursandman, ammo o‘yinimizdan emas”
Jud Bellingem jahon darajasidagi futbolchi.
Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel JCH–2026 chorak finalida Norvegiya ustidan qozonilgan 2:1 hisobidagi g‘alabadan so‘ng jamoasining o‘yinini keskin tanqid qildi.
"Men hech qachon “biz azob chekdik” demaganman. Bugun muammolarni o‘zimiz yaratdik. Natija ajoyib — biz turnirning eng kuchli to‘rt jamoasi qatoriga kirdik. Bu katta yutuq, ammo o‘yinimizdan umuman qoniqmadim.
Futbolchilarning ishtiyoqi va fidoyiligi yuqori darajada edi. Lekin maydonda juda ko‘p ehtiyotsizlik, texnik xatolar, past tezlik va barqarorlik yetishmasligi kuzatildi. Bugun omad biz tomonda bo‘ldi.
Bu mentalitet bilan bog‘liq muammo emas. Aksincha, aynan xarakterimiz bizga g‘alaba keltirdi. Bizda shunchalik kuchli xarakter borki, uni hatto shishaga quyib sotish ham mumkin. Ammo futbol sifati bundan ancha yuqori bo‘lishi shart.
Ris Jeyms ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Morgan Rodjers ham juda yaxshi harakat qildi. Eberechi Eze va Jed Spens o‘yin davomida o‘zlarini ko‘rsatib, maqtovga loyiq bo‘ldi.
Jud Bellingem haqida esa ortiqcha gapirishning hojati yo‘q. U deyarli har bir uchrashuvda shunday o‘ynayapti. U — jahon darajasidagi futbolchi.
Yarim finalga qadar yanada kuchayishimiz kerak. Hozir esa bu muvaffaqiyatni nishonlash va undan zavq olish vaqti. Oldinda uch kunlik tayyorgarlik bor va bizga barcha kuchimiz kerak bo‘ladi", — dedi Tuxel.
Eslatib o‘tamiz, Angliya Norvegiyani Jud Bellingemning dubli evaziga 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Yarim finalda inglizlar Argentina — Shveytsariya juftligi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.