Tojikistonlik teatr aktyorlari Termizda
Yaqinda Abulqosim Lohutiy nomidagi Tojikiston davlat akademik drama teatrining bir guruh aktyorlari Termiz shahrida gastrol safarida bo‘ldi.
Ular o‘zbek tomoshabinlariga taniqli yozuvchi Xoliq Xursandovning qalamiga mansub “O‘lgandan so‘ng kelmasang ham mayliga” deb nomlangan komediyasini taqdim etishdi.
Spektakl dasturidan so‘ng Tojikiston xalq artisti Ortiqi Qodir Lohutiy nomidagi teatr aktyorlarini tomoshabinlarga birma-bir tanishtirdi.
Uning ta’kidlashicha, o‘zbek va tojik xalqlari azaliy birodar, do‘st bo‘lib kelgan. Madaniyati, dini va an’analari ham mushtarakdir.
-Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar yil sayin mustahkamlanib bormoqda, -dedi Ortiqi Qodir. – Bu nafaqat siyosiy-iqtisodiy, balki madaniy-ma’rifiy sohalarda ham aks etib turibdi. Ikki davlat rahbarlarining odilona siyosati tufayli mana shunday madaniy almashuvlar, gastrol safarlari va san’at sohasida tajriba almashish amaliyotlari yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, uchrashuvda Surxondaryo viloyati Tojik milliy-madaniy markazi raisi Ramazon Abdullayev, Termiz davlat universiteti professori Yusuf Valizoda so‘zga chiqib, mehmonlarni samimiy qutladilar.
Ularning fikricha, o‘zbek va tojik xalqlarining bir-biriga bo‘lgan sadoqat va vafodorlik tuyg‘ulari qadimdan shakllangan. Madaniyat va san’at vakillarining mana shunday ijodiy safarlari ikki xalq birligini yanada mustahkamlashda samarali o‘rin tutadi.
Tojikistonlik teatr aktyorlarining gastrol safari Samarqandda davom etishi kutilmoqda.
Mirasror Ahrorov,
O‘zbekiston va Tojikiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi.
O‘zA