Tojikiston maktablarida bugundan oʻqish boshlandi
Qoʻshni Tojikiston bolalari bugundan qadrdon maktablariga yoʻl olishdi.
Qoʻshni Tojikiston bolalari bugundan qadrdon maktablariga yoʻl olishdi. Oʻquvchilar dars xonasida niqob taqib oʻtirishibdi. Har bir parta ustiga antiseptik qoʻyilgan. “Asia-Plus” nashri xabariga koʻra, Tojikistonda yangi oʻquv yili shunday boshlandi.
Ha, bizga yon qoʻshni ushbu davlatda navbatdagi oʻquv yili odatdagidan ikki hafta erta – 17-avgustdan boshlandi. Bu yil qonun-qoidalar ham oʻzgacharoq: oʻquvchilar uchun dars paytida niqob taqib oʻtirish va vaqti-vaqti bilan antiseptikdan foydalanish majburiy. Yoʻlaklarda, maktab hovlisida har qadamda oraliq masofani saqlash lozimligi qayd etilgan eslatmalarni uchratasiz: bolalar bir-biridan kamida bir yarim metr uzoqda boʻlishlari shart.
Tojikistonda maktab oʻquvchilari pandemiya tufayli aprel oyida majburiy taʼtilga chiqarib yuborilgan edi. Mamlakatdagi vaziyat barqarorlashgani munosabati bilan, Taʼlim vazirligi ikki hafta oldinroq navbatdagi oʻquv yilini boshlashga qaror qildi.
Vazirlik maktablarda koronavirus bilan bogʻliq barcha profilaktika choralariga rioya qilinishiga vaʼda bergan.