Tojikiston delegatsiyasi O‘zbekistonning huquqiy axborot tizimi tajribasini o‘rganmoqda
Mamlakatimizda huquqiy axborot tizimini takomillashtirish, normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlashni raqamlashtirish hamda bu boradagi ilg‘or tajribani xalqaro hamkorlik orqali rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Tojikiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Qonuniyat” davlat unitar korxonasi delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki davlat o‘rtasida huquqiy axborot sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash, nashr etish va aholiga yetkazish borasidagi zamonaviy tajribalarni o‘rganish, deyiladi Adliya vazirligi ma’lumotida.
Delegatsiya tashrif davomida markaz faoliyati, huquqiy axborot resurslarini yaratish va yuritish, normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish, rasmiy nashrlarni tayyorlash hamda fuqarolar va tashkilotlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Shuningdek, huquqiy axborot tizimlarini takomillashtirish, raqamlashtirish jarayonlari, elektron xizmatlarni rivojlantirish, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mutaxassislar malakasini oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi hamda “Qonuniyat” davlat unitar korxonasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Qayd etilishicha, mazkur hujjat ikki tashkilot o‘rtasida huquqiy axborot almashinuvini tizimli yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA