Tog‘li hududda adashib qolgan 5 nafar fuqaro qutqarildi
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida tog‘li hududda dam olish vaqtida adashib qolgan 5 nafar fuqaro qutqaruvchilar tomonidan topilib, xavfsiz hududga olib tushirildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 4-oktabr kuni soat 19:37 da «112» yagona dispetcherlik xizmati orqali Toshkent viloyati Ohangaron tumani, «Chinor» MFY hududidagi tog‘li joyda dam olish vaqtida 5 nafar fuqaro adashib qolgani haqida xabar kelib tushgan.
Mazkur xabar asosida «Qamchiq» Maxsus qutqaruv boshqarmasi «Beshqul» navbatchilik qismi qutqaruvchilari tomonidan zudlik bilan qidiruv-qutqaruv ishlari tashkil etilgan.
Olib borilgan qidiruv ishlari natijasida soat 00:31 da 5 nafar fuqaro topildi. Ular xavfsiz hududga olib tushilib, zarur choralar ko‘rilganidan so‘ng yashash manzillariga yuborildi.
Hamroz Bayonov,O‘zA