Tinchlikni asrash barchaning burchi
Buxoro shahridagi NNT va Do‘stlik uyida Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik komissiyasi, Jamoat fondi a’zolari, viloyatdagi NNT hamda viloyatdagi mavjud 12 ta milliy madaniyat markazlari rahbarlari, harbiylar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigi mazmun mohiyati haqida Ijtimoiy sheriklik komissiyasi raisi, Senat a’zosi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili Abira Huseynova tushuntirish berdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyati tubdan o‘zgardi. bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir bo‘lgan, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylangani ta’kidlandi.

– bugungi tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigi bizlarni yana bir bor ruhlantirdi, – deydi Koreys Milliy madaniyat markazi rahbari Radion Li. – Dunyoda yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini, uning hududiy yaxlitligini ta’minlash, eng qimmatli boyligimiz – jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash millati, dini, tilidan qat’iy nazar har birimizning muqaddas burchimizdir. Ona yurtimizga, jonajon O‘zbekistonimizning tinchligiga ko‘z tegmasin.
Tadbirda bir guruh milliy madaniyat markazlarining rahbarlariga fond tomonidan tashakkurnoma va sovg‘alar taqdim etildi. Bayramga harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Zarif Komilov,
O‘zA