Tinchlik, barqarorlik – O‘zbekistonning eng katta yutug‘i
Jannatmonand yurtimizni ko‘rish, xalqimizning boy madaniyati va an’analari bilan tanishish maqsadida mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar, o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish niyatidagi xorijlik ishbilarmonlar safi tobora kengayib bormoqda. O‘zA muxbiri Farg‘ona viloyatiga kelgan ayrim sayyohlar bilan suhbatlashdi.
Jannatmonand yurtimizni ko‘rish, xalqimizning boy madaniyati va an’analari bilan tanishish maqsadida mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar, o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish niyatidagi xorijlik ishbilarmonlar safi tobora kengayib bormoqda. O‘zA muxbiri Farg‘ona viloyatiga kelgan ayrim sayyohlar bilan suhbatlashdi.Paul Bannerman (Kanada):
– Ishonasizmi-yo‘qmi, men shu choqqacha dunyoning 192 davlatida bo‘lganman. Hammasi o‘ziga xos. Lekin O‘zbekistondek maftunkor yurt, o‘zbek xalqidek bag‘rikeng, mehr-oqibatli xalqni ko‘rmaganman. Bu yerdagi tinchlik-osoyishtalik, turli millat vakillarining bir oiladek ahil-inoq ekani ruhiyatingni ko‘tarib, ajoyib kayfiyat bag‘ishlaydi. Samarqand, Buxoro va Qo‘qon shaharlariga sayohat qildim. Barchasi bolaligimda o‘qigan Sharq xalqlari ertaklarini eslatadi. Mahobatli qadimiy obidalar bilan zamonaviylikning ajoyib tarzda uyg‘unlashib ketgani xotiramda bir umr muhrlanib qoladi. Bu qadimiy shaharlarda hayot qaynayotgani, o‘tmish va zamonaviy sivilizatsiya yonma-yon yashayotganidan hayratim cheksiz.
Xalqingiz necha asrlik obidalarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab kelayotgani g‘oyat quvonarli. Bu – o‘zbek xalqining boy tarix va madaniyatga, yuksak intellektual salohiyatga ega ekanidan dalolat.
Musiqachi bo‘lganim uchun ular menga tuganmas ilhom baxsh etadi.
Missis Xendel Dalila (Italiya):
– O‘zbekistonga uchinchi bor kelishim. Qisqa muddatlarda mamlakatingiz, xususan, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilibdi. Bu Prezident Islom Karimov rahnamoligida uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan dono siyosat samarasidir.
Bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ro‘y berayotgan notinchlik, qarama-qarshiliklar odamlarning tinkasini quritmoqda. O‘zbekistonda doimo tinchlik-osoyishtalik barqaror, xalq bunyodkorlik, yaratish bilan mashg‘ul. Odamlarning yuz-ko‘zidagi xotirjamlik, ertangi kunga ishonch beixtiyor senga ham ko‘chadi. Zavqing keladi. Ko‘chalar ozoda, bozorlar to‘kin-sochin. Mustaqillik bayrami arafasida bu yerda bo‘lib, o‘zbek xalqi quvonchiga sherik bo‘layotganimdan xursandman.
Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarida, Rishtonda o‘zbek xalqining boy merosi bilan tanishdim. Hunarmandlar qo‘lidan chiqayotgan noyob mahsulotlar odamni hayratga soladi.
Ruz Treyde (Avstraliya):
– Yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan yaxshi, deydilar. Yurtingizdagi mo‘jizaviy shaharlarni tomosha qilib, qadimiy va boy madaniyatingiz, milliy urf-odatlaringiz bilan tanishib, O‘zbekistonga maftun bo‘lib qoldim. Jannatmonand bu zaminda yetishtirilgan shirin-shakar noz-ne’matlardan bahramand bo‘ldim. Ularning ta’mini hech qachon unutmayman. So‘lim va bahavo tabiati ham o‘zgacha.
O‘zbekistonda sayyohlarning maroqli dam olishi uchun barcha qulayliklar mavjud. Yurtingizning jahon turizm bozoridagi nufuzi tobora oshib borayotir.
Tinchlik, barqarorlik, bunyodkorlik – O‘zbekistonning, o‘zbek xalqining eng katta yutug‘idir.