Tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Nazariy va amaliy tilshunoslik kafedrasi tashabbusi bilan “Tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari” nomli respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov zamonaviy tilshunoslik oldidagi muammolar, yangi tadqiqot metodlarining vujudga kelayotgani va bunday ilmiy izlanishlarga tajribali olimlar tomonidan yosh izlanuvchilar jalb qilinayotgani haqida fikr bildirdi.
Bu borada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida yo‘lga qo‘yilgan tizim, talabalarni ilmiy faoliyatga jalb qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samara berayotgani ta’kidlandi.

Anjuman yalpi majlisida o‘zbek professorlari Hamidulla Dadaboyev, Baxtiyor Abdushukurov, Shohida Shahobiddinova, turkiyalik olimlar Husayn Kaba, Sezgin Demir, qozoq tilshunosi Yerlan Jiyenbayev va ko‘plab tilshunoslar o‘zlarining dolzarb mavzulardagi ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Konferensiya nazariy tilshunoslik, psixolingvistika, korpus lingvistikasi, kognitiv tilshunoslik, til tarixi, terminologiya, lingvistik ekspertiza singari sho‘b’alarda ish olib bordi.

Bundan tashqari yosh tadqiqotchilar tomonidan "O‘zbekistonda marketingning milliylashuvi (reklama matnlari misolida)", "O‘zbek bolalar spontan nutqida so‘z turkumlarining ifodalanishi", "O‘zbek bolalar nutqida so‘z turkumlarining ifodalanishi. Ot va fe’l nisbati", "O‘zbek og‘zaki nutqida qo‘llanuvchi ruscha so‘zlar tadqiqi (yosh guruhlari kesimida)" singari qiziqarli mavzularda ko‘rgazmali taqdimotlar o‘tkazildi.
N.Usmonova,
O‘zA