Tibbiyotda Koreya tajribasi joriy etiladi
Zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada Koreya Respublikasi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Viloyat hokimi o‘rinbosari O.Sultonbekov boshchiligidagi hududiy sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullaridan iborat delegatsiya Koreya Respublikasining Kyongido provinsiyasida amaliy tashrif bilan bo‘ldi. Mazkur xizmat safari doirasida delegatsiya a’zolari Koreyaning yirik shifoxonalari, tibbiy markazlari va tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalari faoliyati bilan tanishdi.
Jumladan, Sent-Vinsent gospitali, Koreya universitetining Ansan gospitali, Shixva tibbiy o‘qitish markazida zamonaviy tibbiy texnologiyalar, sun’iy intellektdan foydalanish, robotlashtirilgan onkologiya, ilg‘or diagnostika usullari, yurak-qon tomir kasalliklarini davolash yo‘nalishlaridagi tajriba o‘rganildi.

O‘rganishlar davomida o‘tkazilgan “Kyongido – O‘zbekiston” MedTech biznes-forumida Toshkent viloyatida tashkil etilayotgan Nurafshon tibbiy klasteri taqdimoti o‘tkazildi. Shuningdek, tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishildi.

Xususan, Nurafshon shahridagi Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyatini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish, mazkur markaz uchun zarur yo‘nalishlarda shifokorlarni Kyongido provinsiyasining yetakchi tibbiyot muassasalarida bepul malaka oshirish kurslariga jalb etish ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, koreyalik tibbiyot mutaxassislari ishtirokida Toshkent viloyatida o‘rta tibbiyot xodimlari uchun sayyor o‘quv kurslarini tashkil etish hamda 2027-yilda viloyatda Kyongido provinsiyasining yetakchi tibbiyot muassasalari professorlari ishtirokida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Kelishuvlarning amaliy ifodasi sifatida 10-sentabr kuni o‘tkazilgan “Kyongido – O‘zbekiston tibbiyot istiqbollari” forumi doirasida Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Kyongido provinsiyasining yetakchi tibbiyot muassasalari o‘rtasida 3 ta o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. E’tiborlisi, ayni kunlarda Koreyada malaka oshirayotgan 14 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis ham forumda ishtirok etdi.
Ushbu kelishuvlar zamonaviy tibbiyot texnologiya va tajribalarni viloyat sog‘liqni saqlash tizimiga tatbiq etish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA