Tibbiyot xabarlari
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tarkibidagi Pharmaceutical Technical University (PTU)da 2026/2027 o‘quv yili yangi qabul qilingan talabalar uchun tashkil etilgan tanishtiruv haftaligi – "Induction Week" bilan boshlandi.
Tadbirning ochilish marosimida Agentlik direktori Abdulla Azizov, PTU rektori Abdumalik Jumanov hamda "De Montfort University" vakillari so‘zga chiqib, talabalarni universitet hayotidagi ilk qadamlari bilan tabrikladi. Universitet nafaqat ta’lim va diplom olish, balki mustaqil fikrlash, yangi g‘oyalarni shakllantirish, o‘z salohiyatini namoyon etish va kelajakdagi kasbiy maqsadlar sari intilish uchun muhim muhit ekanini ta’kidladi. Shuningdek, talabalarni universitetdagi har bir kunni yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash uchun imkoniyat sifatida baholash, yaratilgan shart-sharoitlardan samarali foydalanishga chaqirdi.
"Induction Week" davomida talabalar PTUning missiyasi va rivojlanish strategiyasi, ta’lim jarayoni, talabalar hayoti hamda universitetda yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtirildi.
Students Union, Student Support Services, talabalar farovonligi va konsultatsiya xizmatlari, Code of Conduct, akademik tartib-qoidalar hamda universitet ichki tizimi haqida zarur ma’lumotlar berildi.
***
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi va Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan Surxondaryo viloyatidagi davolash-profilaktika muassasalarida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlardan foydalanish hamda ularning hisobini yuritish tartibi o‘rganildi.
Jarayon davomida tibbiyot muassasalarida ushbu vositalar bilan bog‘liq hujjatlarning yuritilishi, ularga bo‘lgan yillik ehtiyojni aniqlash hamda tegishli hisobotlarni tayyorlash holati ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, seminarda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalasini tartibga soluvchi amaldagi talablar, ularni saqlash, hisobga olish, foydalanish va hisobotini yuritish tartiblari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2026-yilda qabul qilingan 337-son va 359-son qarorlari, shuningdek, ushbu vositalar va moddalar muomalasi bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash tartiblariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ishtirokchilarga hujjatlarni belgilangan tartibda yuritish, zarur hisobotlarni o‘z vaqtida taqdim etish va qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Seminar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ish jarayonini amaldagi talablar asosida tashkil etish yuzasidan ham tegishli tushuntirishlar berildi.
***
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ta’lim olishi, kasbiy faoliyat yuritishi hamda onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, oliy ta’lim muassasalarida talaba qizlar va yosh onalar uchun munosib sharoitlar yaratishga qaratilgan ezgu tashabbuslar izchil davom ettirilmoqda.
Shu maqsadda Toshkent davlat tibbiyot universitetining Pediatriya hududida xotin-qizlar va yosh onalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim jarayonida, xususan, mas’uliyatli imtihon sinovlarida qulay sharoitlarga ega bo‘lishini ta’minlash uchun maxsus “Ona va bola” xonasi ochildi.
Mazkur xona farzandli bo‘lgan talaba qizlarga imtihon topshirish jarayonida qo‘shimcha qulayliklar yaratish, go‘daklarni parvarishlash hamda ularni sut bilan ovqatlantirish uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlar bilan jihozlandi. Universitet rahbariyati tomonidan amalga oshirilgan ushbu tashabbus xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularga o‘z o‘qishini oilaviy majburiyatlar bilan uyg‘un holda davom ettirish imkonini berish hamda oilaviy qadriyatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim amaliy qadamlardan biridir.
M.Qosimova, O‘zA