Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Tailandning nufuzli “Samitivej” xalqaro bolalar shifoxonasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Bitimdan ko‘zlangan maqsad tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, bilim almashish va kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. Tomonlar kelgusida birgalikda klinik amaliyot, akademik aloqalar va tibbiy tadqiqotlarni yaxshilashda qo‘shma faoliyat olib boradi.
***
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Tibbiy xizmat sifatini ichki nazorat qilish hamda onalar va go‘daklar o‘limining oldini olish chora-tadbirlari bo‘yicha tahliliy shtabning tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.
U markazning hududiy filiallari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va uzluksiz aloqani ta’minlaydigan, shuningdek, tibbiy xizmatlar samaradorligini real vaqt rejimida monitoring va tahlil qilish, o‘ta og‘ir vaziyatlarga tezkorlik bilan munosabatda bo‘lish va profilaktika choralarini amalga oshirish imkonini beradigan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.
Shu bilan birga, muassasaning poliklinika bo‘limida kapital ta’mirlanib, modernizatsiya qilingan ro‘yxatxona ham ochildi. Yangi makon bemorlarga qulay va texnologik jihatdan ilg‘or xizmat ko‘rsatishning zamonaviy standartlariga to‘liq javob beradi. Bu yerda ma’lumotlar bazasi modernizatsiya qilindi, elektron poliklinika joriy etildi. Bu esa qayd etish, tahlillarni tayinlash, davolanish va bemor tarixini kuzatishni raqamli tarzda yuritish imkonini yaratadi.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Vengriyaning “Plasma Expert Group” kompaniyasi vakillari bilan navbatdagi uchrashuvda qon plazmasi bilan bog‘liq biotexnologik yo‘nalishlardagi hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya vakillari tomonidan O‘zbekistonda mavjud infratuzilma, qon markazlari faoliyati yuqori baholangan holda Yevropa standartlari asosida loyihani amalga oshirish istiqbollari har tomonlama o‘rganilayotgani va shu maqsadda ishchi guruh shakllantirilgani ma’lum qilindi.
Muloqot doirasida O‘zbekistonda biofarmatsevtika sohasida barqaror hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun amaliy qadamlar belgilab olindi.
***
Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov "Qurecraft" xalqaro shartnomaviy tadqiqot tashkiloti bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekistonda klinik tadqiqotlarni rivojlantirish uchun davlat-xususiy sheriklik doirasidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi. Xususan, raqamli infratuzilmani yaratish, tibbiyot muassasalarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, xorijiy farmatsevtika kompaniyalarini mamlakatga jalb qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
"Qurecraft" kompaniyasi dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, kadrlar tayyorlash va me’yoriy-huquqiy qo‘llab-quvvatlashga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi. Tadqiqotlarni boshqarishning shaffof tizimini shakllantirish, bemorlarning yagona reyestrini yuritish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar DXSH konsepsiyasini yanada takomillashtirish va tegishli biznes-keysni tayyorlashga kelishdi.
***
JSST tomonidan taqdim etilgan laboratoriya jihozlari nafaqat soha rivojida, balki yurtimizda sanitariya-epidemiologik xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ushbu jihozlar laboratoriya xodimlarini yuqumli kasallik qo‘zg‘atuvchilaridan himoya qilishga, atrof-muhit ifloslanishining oldini olishga, aniq laboratoriya tashxisini ta’minlashga xizmat qiladi.
Joriy yilning 30 iyunidan 4 iyuligacha JSST tomonidan sertifikatlash bo‘yicha milliy mutaxassislar uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA