Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston tibbiyotida yangi sahifa ochildi. Gap shundaki, yaqindagina faoliyatini boshlagan Milliy tibbiyot markazida 40 ta buyrak va 9 ta jigar transplantatsiyasi amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Bu, 50 ga yaqin oilaning hayotiga quvonch ulashilgani, zamonaviy transplantologiya sohasida maqtashga arzigulik yutuqlar qo‘lga kiritilganini anglatadi.
Jigar va buyrak transplantatsiyasi tibbiyotdagi eng murakkab amaliyotlardan hisoblanadi. Ushbu jarayonning muvaffaqiyati yuqori malakali mutaxassislar, zamonaviy uskunalar va sifatli donorlik materiallariga bog‘liq. Milliy tibbiyot markazi bu talablarning barchasini to‘liq ta’minlab, zamonaviy usullardan samarali foydalanmoqda.
Bunday amaliyotlar nafaqat bemorlarning hayotini saqlab qolish, balki ularning turmush sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Markaz transplantologiya yo‘nalishida tadqiqot ishlarini ham olib borib, sohani yanada rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.
Kelgusida Markazda transplantatsiya operatsiyalari sonini ko‘paytirish va ularning sifatini xalqaro standartlarga mos ravishda yanada oshirish rejalashtirilgan. Ushbu yutuqlar mamlakatimiz tibbiyotining yangi bosqichga ko‘tarilganini namoyon etmoqda.
***
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 4 oktyabrdagi tegishli qarori bilan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, sibutramin, shuningdek, o‘xshash psixoaktiv ta’sirga ega bo‘lgan uning strukturaviy analoglari alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hisoblanadi.
Ular 2025 yil 1 yanvardan faqat giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali ulgurji va chakana realizatsiya qilinadi.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori o‘rinbosari Nozim Berdiyev boshchiligidagi delegatsiya vakillari Moldovaga tashrif davomida mamlakatning yirik farmatsevtika kompaniyalaridan biri – “Dita Estfarm” faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
“Dita Estfarm” 1995 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dori vositalari va tibbiy buyumlarning importi, tarqatilishi va ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi. Kompaniya faoliyati xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, mahsulotlarning sifati va xavfsizligiga alohida e’tibor qaratiladi.
Tashrif davomida “Dita Estfarm”ning zamonaviy distribyutorlik tarmoqlari, sifat nazorati tizimi va logistika jarayonlari bilan tanishildi. Shuningdek, kompaniyaning xalqaro hamkorlik tajribasi, farmatsevtika mahsulotlarini Moldova hududidagi dorixonalar va tibbiy muassasalarga yetkazib berish bo‘yicha nazorati ishlari haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.
***
Aholiga sifatli, malakali, zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan Toshkent shahar tibbiy maslahat diagnostika markazida maslahat va tibbiy tekshiruv narxlari Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan belgilab berilgan me’yordan oshmaydi. Muhitmi, muassasadagi zamonaviy laboratoriyalarda topshirilgan tibbiy tahlil natijalarini shu kunning o‘zidayoq olish mumkin. Markazda yuqori ilmiy salohiyatga ega tibbiyot fanlari doktorlari, tibbiyot fanlari nomzodlari va oliy toifali shifokorlardan iborat 45 nafar malakali tibbiy xodim faoliyat yuritmoqda.
Ayni paytda bemorlarning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda markazga yangi yo‘nalishlar bo‘yicha malakali shifokorlar va analizator qurilmalari olib kelinyapti. Diagnostika markazida birgina qon tahlilidan bir necha tekshiruvlarni o‘tkazish imkoni mavjud. Xususan, gematologik, biokimyoviy tahlillar, immunoferment tekshiruvlari mavjud.
Mazkur texnologiyalar yordamida qisqa vaqt ichida ko‘plab biologik namunalarda tekshiruvlar o‘tkazish mumkin. Zamon talablariga javob beradigan bakteriologik laboratoriyada kasallik qo‘zg‘atuvchilarning turlari va ularning antibiotiklarga sezgirligi aniqlanadi.
Yevropa va Osiyoning rivojlangan davlatlaridan keltirilgan qurilmalar tekshiruvlarni inson omili ishtirokisiz, avtomatik shaklda olib borishga, natijalarning aniq va tezkor ravishda chiqishiga zamin yaratadi. Markazda, shuningdek Germaniyaning “Siyemens” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan multispiral kompyuter tomografiyasi (MSKT) yordamida yuqori aniqlikdagi tekshiruvlar ham yo‘lga qo‘yilgan.
MSKT xulosasi rentgen, ultratovush va ba’zi hollarda magnit-rezonans tomografiya usullaridan keyin ichki a’zolarni, skelet tizimi o‘zgarishlarini, bosh va umurtqa pog‘onasi shikastlanishlarini vizualizatsiya qilishning qo‘shimcha usuli sifatida qo‘llaniladi. Bu xulosalar bemorlarga aniq tashxis qo‘yishda katta yordam beradi.
Ultratovush tekshiruv usullari va endoskopik tekshiruvlar zamonaviy tibbiy jihozlarda malakali shifokorlar tomonidan o‘tkaziladi. Diagnostika markazida ro‘yxatga olish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan. Bu esa bemorlarning uzundan uzoq navbatda turish yoki ortiqcha qog‘ozbozliklar uchun vaqt sarflashining oldini oladi.
***
Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy laboratoriya xizmati samaradorligi va sifatini yanada oshirish maqsadida yangi tajriba yo‘lga qo‘yilmoqda.
Unga ko‘ra, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida laboratoriya xizmatlarini ko‘rsatuvchi markazlashgan laboratoriyalar tashkil etiladi. Tajriba-sinov tariqasida Nukus shahri, Boyovut va Yashnobod tumanlari tanlab olindi.
Mohigul Qosimova, O‘zA