Tibbiyot: O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlikni kengaytiradi
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Yaponiya – O‘zbekiston “Ipak yo‘li” jamg‘armasining (JUSRF) sog‘liqni saqlash bo‘yicha qo‘mitasi raisi Kenichi Matsumoto bilan uchrashdi.
Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi. Muloqotda ikki davlat o‘rtasida tibbiyot, tibbiy ta’lim va farmatsevtika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ishtirokida amalga oshirilayotgan “Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish” loyihasiga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumot uchun, umumiy qiymati 150 million AQSH dollariga teng ushbu loyiha 2025-2032-yillarga mo‘ljallangan. Uning doirasida Nevrologiya va neyroreabilitatsiya milliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash, Samarqand va Buxoro tibbiyot oliygohlari klinikalarini uskunalar bilan ta’minlash, shuningdek, mutaxassislarni o‘qitish ko‘zda tutilgan.
Vazir shifokorlarimizni neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya bo‘yicha Yaponiyaning yetakchi klinikalarida o‘qitish, o‘rta tibbiyot xodimlari uchun qo‘shma ta’lim va stajirovka dasturlarini tashkil etishdan manfaatdorligini, ilg‘or texnologiyalar, amaliy ko‘nikmalar va bemorlarni parvarishlash usullarini o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilishini, tegishli muassasalar bilan bevosita aloqalar o‘rnatishda Jamg‘armaning ko‘magiga ishonch bildirgan.
Shuningdek, farmatsevtika sohasidagi hamkorlik masalasiga ham diqqat qaratildi. Bu borada Yaponiya vakolatli organlari ro‘yxatga olgan dori vositalari va tibbiy jihozlarni belgilangan talablar asosida tan olish tartibi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni izchil davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA