Tibbiyot: milliy tajriba va jahon standartlari integratsiyasi
Toshkentda mahalliy va xorijlik kardiojarrohlar ishtirokida noyob yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazilmoqda. Bu milliy tibbiyotimizning global sog‘liqni saqlash tizimiga integratsiyalashuvida navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida tub islohotlar amalga oshirilib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini jahon standartlari darajasiga ko‘tarish ustuvor vazifaga aylangani hech kimga sir emas. Bu jarayonda sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish bilan bir qatorda, xorijning eng ilg‘or tibbiyot markazlari, xususan, Janubiy Koreya, Xitoy va Yevropa davlatlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda milliy tibbiyotimiz zamonaviy tibbiyotning eng so‘nggi yutuqlarini faol o‘zlashtirmoqda. Ayni kunlarda poytaxtimizdagi Milliy tibbiyot markazida xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan murakkab kardiojarrohlik amaliyotlari fikrimizning amaliy isbotidir.
Xususan, Milliy tibbiyot markazida Xitoyning nufuzli Sian Jiaotong universiteti huzuridagi Birinchi klinik shifoxonasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Rasmiy muloqotlar davomida ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, sohada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida ikki muassasa o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjatga ko‘ra, eng murakkab amaliyotlar hamkorlikda bajariladi va yangi metodlar joriy etiladi. Mahalliy mutaxassislar xorijda malaka oshiradi va treninglar tashkil etiladi. Shuningdek, zamonaviy diagnostika va davolash standartlari tibbiyot amaliyotiga tatbiq qilinadi.
Ushbu kelishuv yurtimizda bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini tubdan yaxshilash, sohaga innovatsion yondashuvlarni keng joriy qilishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, xitoylik kardiojarrohlar jamoasi Markaz mutaxassislari bilan birgalikda 6 ta murakkab va yuqori texnologik kardiojarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli yakunladi. Xususan, tibbiyotning so‘nggi yutuqlaridan biri hisoblangan MICS CABG — miniinvaziv aorto-koronar shuntlash hamda miniinvaziv yurak klapanlarini protezlash amaliyotlari bajarildi.
Ma’lumot uchun, an’anaviy jarrohlikdan farqli o‘laroq, miniinvaziv usulda ko‘krak qafasi katta kesilmaydi. Bu esa bemor organizmiga kam shikast yetkazishi, operatsion xavflarni kamaytirishi, eng muhimi, bemorning oyoqqa turish va tiklanish davrini bir necha barobarga qisqartirishi bilan tibbiyotda yuksak baholanadi.
Xitoylik yetakchi kardiojarrohlarning so‘zlariga ko‘ra, yurak xastaliklari butun dunyoda o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha birinchi o‘rinlarda turadi. Shu bois, ushbu sohada soniyalar va eng so‘nggi texnologiyalar inson hayotini hal qiladi.
– Toshkentga tashrifimiz davomida o‘zbekistonlik hamkasblarimizning salohiyati va markazdagi mavjud sharoitlarni ko‘rib, to‘g‘risi, hayratda qoldim. Biz amalga oshirgan miniinvaziv operatsiyalar yuqori aniqlikdagi nazorat va zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarni talab etadi. Milliy tibbiyot markazi bu borada jahonning eng ilg‘or klinikalari bilan bemalol raqobatlasha oladi. Biz faqat tajriba ulashmayapmiz, balki o‘zaro o‘rganmoqdamiz. Bu yerdagi yosh shifokorlarning bilimga chanqoqligi, yangi texnologiyalarni tez o‘zlashtirishi milliy tibbiyotingiz kelajagi ishonchli qo‘llarda ekanidan dalolat beradi. Maqsadimiz — ushbu hamkorlik orqali yurak xastaligidan aziyat chekayotgan yuzlab bemorlarning sifatli hayotga qaytishiga ko‘maklashishdir, – deydi Sian Jiaotong kasalxonasi bosh kardiojarrohi, professor Yan Yang.
Bugun O‘zbekiston tibbiyoti faqat bitta davlat bilan hamkorlik o‘rnatish yoki yo‘nalish bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Masalan, yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimida raqamlashtirish, tibbiy sug‘urta va klinikalarni boshqarish tizimida Janubiy Koreya tajribasi faol qo‘llanilayotgan bo‘lsa, murakkab transplantologiya, kardiojarrohlik va onkologiya yo‘nalishlarida Xitoy, Turkiya va Yevropa davlatlarining yetakchi markazlari bilan doimiy ko‘priklar o‘rnatilgan.
Zamonaviy tibbiyot globallashuv va tinimsiz tajriba almashinuvi ustiga qurilgan. Xalqaro hamkorlikning kengayishi bir paytlar faqat xorijda mavjud bo‘lgan, katta mablag‘ talab qilgan noyob operatsiyalarni endilikda o‘z yurtimizda, hamyonbop va yuqori sifatda olish imkoniyatini yaratmoqda.
Milliy tibbiyot markazi va Xitoyning Sian Jiaotong universiteti o‘rtasidagi ushbu amaliy sheriklik mamlakatimiz kardiojarrohligi rivojida yangi sahifa ochadi. Bu kabi loyihalarning pirovard maqsadi esa yagona: inson qadrini ulug‘lash, xalqimiz salomatligini muhofaza qilish va sog‘lom kelajakni ta’minlashdir.
Mohigul Qosimova, O‘zA