Tibbiy sug‘urta: gematologik va onkogematologik bemorlarni dorilar bilan ta’minlash holati muhokama qilindi
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, ularni sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlash, og‘ir, surunkali va irsiy kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, kam uchraydigan orfan, irsiy, surunkali gematologik va onkogematologik kasalliklarni davolash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, gematologiya xizmati holati yaxshilanib, kasalliklarning oldini olish va erta aniqlash tizimi takomillashdi.
Ammo shu bilan birga, gematologik, onkogematologik va boshqa davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarga erta va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, ushbu kasalliklar profilaktikasini zamonaviy usullar asosida takomillashtirish va ularni keltirib chiqaruvchi omillarni erta aniqlash va oldini olish dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Tibbiy sug‘urta tizimida gematologik va onkogematologik bemorlarni dori vositalari bilan ta’minlash holati: muammo va yechimlar” mavzusida qo‘mita eshituvi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ushbu sohada amalga oshirilayotgan amaliy ishlar e’tirof etilib, mavjud muammolar chuqur tahlil qilindi. Aholi orasida gematologik va onkogematologik kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash holatlari ulushini oshirish, gematologik xastaliklarga chalinganlarni ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan qamrab olish lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, gematologik va onkogematologik bemorlarni dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlash, milliy klinik protokol va standartlarga muvofiq amaliyotni to‘liq joriy etish, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi doirasida kasallik asoratlarining oldini olish maqsadida ambulator va uy sharoitida davolanishni moliyalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tibbiy sug‘urta tizimini takomillashtirish orqali gematologik va onkogematologik bemorlarning hayot sifati va davolanish samaradorligi sezilarli darajada oshishi alohida ta’kidlandi.
Eshituv davomida deputatlar tomonidan fuqarolar murojaatlari asosida o‘tkazilgan o‘rganishlarda aniqlangan masalalardan kelib chiqib, maxsus dori vositalarini markazlashtirilgan tarzda o‘z vaqtida xarid qilish, bemorlarni ambulator va uy sharoitida davolashni davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi doirasida amalga oshirish, profilaktik davolash mexanizmlarini kuchaytirish bo‘yicha zarur taklif va tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA