The Financial Express: Samarqand dunyo shaxmat olamining diqqat markazida
Bangladesh Respublikasining “The Financial Express” nashri Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi haqida maqola e’lon qildi.
“Samarqand: O‘zbekiston shaxmat diplomatiyasi uchun yangi ufq” sarlavhali materialda 15–27-sentabr kunlari o‘tayotgan olimpiada O‘zbekistonning yirik xalqaro intellektual musobaqalarni tashkil etish salohiyatini namoyon etayotganiga e’tibor qaratilgan.
Nashrga ko‘ra, 200 dan ortiq mamlakatdan 400 ta milliy jamoa ishtirok etayotgan musobaqa tufayli Samarqand jahon shaxmati markaziga aylangan. Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilayotgan olimpiadaning asosiy bahslari “Silk Road Samarkand” xalqaro majmuasida tashkil etilmoqda.
Maqolada olimpiada doirasida imkoniyati cheklangan shaxmatchilar o‘rtasidagi III FIDE shaxmat olimpiadasi o‘tkazilgani va FIDEning 97-kongressi tashkil etilganiga ham e’tibor qaratilgan.
“The Financial Express” O‘zbekiston shaxmatchilarining natijalarini alohida e’tirof etgan.
Xorij nashri olimpiada doirasida shaxmat va ta’lim masalalariga bag‘ishlangan FIDE sammiti o‘tkazilayotganiga ham to‘xtalgan. Bu FIDE tomonidan 2026-yil “Ta’limda shaxmat yili” deb e’lon qilingani bilan bog‘liq ekani ta’kidlangan.
Nashr xulosasida Samarqanddagi olimpiada O‘zbekistonning yirik xalqaro tadbirlarni o‘tkazish imkoniyatlari bilan birga, mamlakat shaxmat maktabining jahon maydonidagi natijalarini ham namoyon etayotgani qayd etilgan.
D.HAKIMOV,
O‘zA