Texnikalar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarilmoqda
Guliston shahridagi "Sanoatchilar maskani" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli ishlab chiqarish sexi qayta jonlandi. Uncha katta bo‘lmasa-da, asosiy turdagi tokarlik stanoklari mavjud bo‘lgan mazkur sexda "KamAZ", "KrAZ" kabi yuk mashinalari, ko‘tarma kranlar, ekskavatorlar, paxta terim mashinalari, haydov traktorlari, burg‘ilash texnikalari, hatto temir yo‘l vagonlari uchun zarur bo‘lgan ehtiyot va butlovchi qismlarni buyurtma asosida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
–Tabiiyki, texnikalar vaqt-soati o‘tgach ta’mirtalab bo‘lib qoladi.Yengil avtomashinalar uchun ehtiyot qismlarini topsa bo‘ladi, – deydi tadbirkor Rustam Xolbekov. – Ammo Rossiya, Xitoy , AQSH va boshqa xorijiy davlatlardan keltirilgan qishloq xo‘jaligi, qurilish sanoatida foydalanilayotgan texnikalarning ehtiyot qismini topish anchayin muammo tug‘diradi. Bu muammo meni o‘yga toldirardi. Kasbim injener-texnikmasmi, qiziqishim bois mana shunday mas’uliyatli ishga qo‘l o‘rganman.
Rustam aka 1983 yilda Toshkent politexnika institutini iashinasozlik texnologiyasi ixtisosligi bo‘yicha tamomlab, Guliston tajriba ta’mirlash mashina zavodida injener-texnik bo‘lib ish boshlaganda 25 yoshda edi. Ishladi, yeldi, yugurdi, o‘quv jarayonida o‘rganganlarini amaliyotga joriy qildi. Uning bu ishi rahbarlarga ma’qul bo‘ldi chog‘i, kattagina zavodda injener-mexaniklikdan bosh muhandis vazifasiga tayinlashdi.

Keyinchalik zavod faoliyati tugatilib, unga qarashli ishlab chiqarish sexlari ishlab chiqaruvchilarga ijaraga berib yuborildi. Ana shunday vaqtda Rustam Xolbekov ham o‘zi ishlagan, mehr qo‘ygan zavodning bo‘sh turgan binolaridan birini ijaraga oldi va og‘ir sanoat texnikalari uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Bir nechta turdagi tokarlik va frezernыy stanoklarini o‘rnatib, shogirdlari bilan birgalikda og‘ir turdagi texnikalar uchun temir tishli g‘ildirak, har xil turdagi val(o‘q)larni ishlab chiqarishni boshlab yubordi.
–Zamon ortga emas, oldinga qarab ildamlaydi. Bundan o‘ttiz yillar oldingi texnikalar o‘rnini zamonaviy, ko‘p funksiyali texnikalar egallayapti. Modomiki yemirilmaydigan, muddati o‘tib ketmaydigan, ya’ni yaroqsiz holga kelib qolmaydigan texnikaning o‘zi yo‘q. 2007 yillarda to‘rt- besh turdagi ehtiyot qismlarni ishlab chiqargan bo‘lsak, bugunga kelib buyurtmaga qarab ishlab chiqarayotgan texnika qismlari turi soni 50 tadan oshib ketdi,–deydi suhbatdoshimiz.
Korxonaning asosiy buyurtmachilari "O‘zbekiston temir yo‘llari"AJ ga qarashli vagonlarni ta’mirlashga ixtisoslashgan «O‘zvagonta’mir» korxonasi, Sirdaryodagi “Yo‘lreftrans” AJ, “Indorama Agro” MCHJ, "O‘zburg‘ulash", qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan agroklaster va qurilish sanoati korxonalari hisoblanadi.

Ba’zan katta miqdordagi ehtiyot qismlarga buyurtma kelib tushadi. Ana shunday vaqtda Rustam Xolbekov sakkiz nafar shogirdi bilan bu yumushni belgilangan vaqtdan ilgariroq bajarishga harakat qiladi. Shunga yarasha ish haqi ham yomon emas. Shu o‘rinda yana bir gap, servis xizmati yo‘q texnikalarni qo‘ya turaylik, servis xizmati bor texnikalarga ham ehtiyot qism hadeganda topilavermaydi. Ana shunday vaqtda buyurtmachi Rossiya va Xitoy kabi davlatlardagi ishlab chiqaruvchi korxonaga murojaat qiladi. Ammo o‘sha ehtiyot qismning kelishiga ba’zan oylar ketadi. Bu esa bajarilishi lozim bo‘lgan yumushlarning oylab bajarilmay qolib ketishiga sabab bo‘ladi.
Ana shunday muammo esa Guliston shahrida bartaraf etilayapti. Buyurtma asosidagi ehtiyot qismlar mo‘’jaz korxonaning Enver Jonbozov, Aleksiy Keskin, Xurshid Yuldashev, Anvar Xudoyqulov kabi tajribali tokar va frezeroviklari tomonidan nari borsa, ikki- uch kunda tayyorlanib, mijozlarga taqdim etilayapti.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri