Texnika sozligi – jangovar shaylik garovi
FOTOREPORTAJ
Harbiy texnika va qurol-aslahalarning doimo shay holatda bo‘lishi qo‘shinlarning ishonchli va samarali faoliyatini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda qurol-aslaha hamda harbiy texnikalarga mavsumiy texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rgazmali-amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi. Unda harbiy texnika va qurol-aslahalarni kuz-qish mavsumining o‘ziga xos sharoitlariga tayyorlash, ularning texnik sozligi va doimiy shayligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-31759]
Tadbirda so‘z olgan okrug qo‘mondoni o‘rinbosari mavsumiy texnik xizmatni belgilangan muddatlarda va sifatli tashkil etish, texnikadan foydalanish jarayonida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish muhimligini ta’kidladi.
Mashg‘ulotning amaliy qismida harbiy texnika va jihozlarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash jarayonida bajariladigan asosiy ishlar namoyish etildi. O‘quv nuqtalarida texnik vositalarning sozligini tekshirish, ehtimoliy nosozliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish, shuningdek, xavfsizlik talablariga rioya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Harbiy xizmatchilarga texnik vositalarning holatini muntazam nazorat qilish, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish hamda texnikadan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi.
Yakunda mavsumiy texnik xizmatni sifatli tashkil etish, harbiy xizmatchilarning amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash va texnik vositalarning doimiy shayligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA