Texas neft zavodi portladi
Dushanba kuni Texas shtati Port-Artur shahri yaqinida joylashgan “Valero” neftni qayta ishlash zavodida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida osmonga ko‘p miqdorda tutun ko‘tarildi va atrofdagi aholiga xavfsizlik uchun uyda qolish tavsiya qilindi.
Shahar hokimi Sharlotta M.Mozes ma’lum qilishicha, hech kim jabrlangani yo‘q. O‘t o‘chiruvchilar tezkor ravishda hodisa joyiga yetib kelgan va yong‘inni bartaraf etishga harakat qilmoqda.
Xyustondan taxminan 145 kilometr sharqda joylashgan, kuniga qariyb 435 000 barrel neftni qayta ishlash quvvatiga ega mazkur korxonada 770 ga yaqin xodim asosan og‘ir qayta ishlash, benzin, dizel hamda aviatsiya yonilg‘isi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Guvohlar aytishicha, portlash payti kuchli tovush eshitilgan va zavod hududidan alanga va qora tutun ko‘kka o‘rlagan. Internetda tarqalgan video va suratlar ham voqea jiddiyligini tasdiqlaydi.
Mutaxassislar bunday hodisalar jahon energetika bozoridagi beqarorlik sharoitida neft ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini taxmin qilgan. Fojia sababi o‘rganilmoqda.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA