Termizdagi «Farovon» massivi zamonaviy qiyofa kasb etmoqda
FOTOREPORTAJ
Termiz shahridagi Bog‘ishamol mahallasida joylashgan «Farovon» massivida aholi uchun qulay va xavfsiz yashash muhitini yaratish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish hamda hududning me’moriy qiyofasini yanada yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Loyiha doirasida 165 ming 147 kvadrat metr hudud obodonlashtirilib, ko‘p qavatli uylar atrofi to‘liq tartibga keltirildi. Sanitariya-ekologik holat yaxshilanib, aholi uchun ozoda va shinam muhit yaratildi.
Fuqarolarning xavfsiz va qulay harakatlanishini ta’minlash maqsadida massivdagi 3,5 kilometr ichki yo‘l beton va asfalt qoplamasi bilan ta’mirlandi. Bu transport vositalari va piyodalar harakati uchun yanada qulay sharoit yaratdi.
Shuningdek, massivdagi 37 ta ko‘p qavatli turar joyning tashqi fasadi to‘liq rekonstruksiya qilinib, binolarning tashqi ko‘rinishi zamonaviy me’moriy va estetik talablar asosida yangilandi. Natijada hududning shaharsozlik qiyofasi yanada fayzli va jozibador tus oldi.
Obodonlashtirish ishlari doirasida 15 ming 514 kvadrat metr maydonda gazon barpo etilib, yangi yashil hududlar tashkil qilindi. Bu ekologik muhitni yaxshilash, havo sifatini oshirish hamda aholi dam olishi uchun qulay maskanlar sonini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.
Bolalarning mazmunli hordiq chiqarishi va xavfsiz vaqt o‘tkazishi uchun massivdagi 42 ta bolalar maydonchasi ham qayta ta’mirlanib, zamonaviy o‘yin jihozlari bilan jihozlandi.
[gallery-30467]
Amalga oshirilgan ishlar aholi turmush sifati va yashash sharoitini yanada yaxshilash, shahar muhitini obod va zamonaviy qiyofaga keltirish hamda Termiz shahri infratuzilmasini izchil rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
O‘zA fotomuxbiri
Jonibek QO‘ZIMURODOV olgan suratlar