Termizda “Yapon bog‘i” bunyod etiladi
Yaponiyalik professor, xalqaro kuzatuvchi Tetsuji Tanaka Termiz shahrida bo‘lib, Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek To‘rayev bilan uchrashdi.
Unda viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi, viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi, Termiz shahar hokimligi mutasaddilari ishtirok etdi.
Uchrashuvda viloyatning turistik salohiyati, Termiz shahrida barpo etiladigan zamonaviy “Yapon bog‘i”, yaponiyalik mashhur arxeolog Kyudzo Kato memorial muzeyi qurilishi va olimning xotira haykalini o‘rnatish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama etildi.
Mehmonga dastlab qadimiy vohaning boy turistik va investitsiyaviy turistik salohiyati, tarixiy va arxeologik yodgorliklari, Termiz shahri markazidagi 5,5 gektar maydonda bunyod etilishi rejalashtirilgan “Yapon bog‘i” loyihasi, Kyudzo Katoning viiloyatda amalga oshirgan arxeologik ilmiy-tadqiqot ishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Professor Tetsuji Tanakani “”Yapon bog‘”i loyihasi bilan yaqindan tanishishtirish jarayonida uning 3D videoroligi namoyish etildi.
- Bu bog‘ni Termiz shahri markazidagi “Baxt bog‘i” hududidan qurish rejalashtirilgan, - deydi viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Zebuniso Alimardanova. - Buning uchun shaahar hokimligi 5,5 gektar yer ajratgan. “Yapon bog‘i”da Kyudzo Kato memorial muzeyini qurish va olimning xotira haykalini o‘rnatish barobarida 100 o‘rinli muhtasham mehmonxona ham barpo etiladi. Bog‘ atrofi yashil maydonga aylantirilib, rang-barang gulzorlar tashkil qilinadi. Yo‘laklar quriladi.
Mazkur loyiha yaponiyalik mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi.
- Mamlakatingizga bu safar kelishdan maqsad Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatidagi missiyam bor edi, - dedi Professor Tetsuji Tanaka. - Termizga esa Kushon hukmronligi davrida bunyod etilgan buddaviylik arxeologik yodgorliklarini ko‘rish va yana Termiz shahrida barpo etiladigan “Yapon bog‘i”da janob Kyudzo Kato xotirasiga bag‘ishlangan haykal o‘rnatish, kelgusida hududda olib boriladigan arxeologik qazish ishlariga yapon olimlarini ham jalb etish masalalarini o‘rganish uchun keldim. Kelgusi yil may oyida mashhur arxeolog olim Kyudzo Kato tavalludining 100 yilligi nishonlanadi, Hassos arxeologning haykali Tojikiston Respublikasida tayyorlanmoqda. Uni olib kelib, shu bog‘ga o‘rnatishni biz o‘z zimmamizga olamiz. Shuningdek, mazkur loyiha bizning g‘oyalarimiz ham e’tiborga olinib, amalga oshirilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Uchrashuv yakunida yaponiyalik professor bog‘ barpo etiladigan hudud bilan tanishib, taklif va tavsiyalarini bildirdi. Termiz tumanidagi “Fayoztepa” arxeologik yodgorligini tomosha qildi. O‘zbekistonni Afg‘oniston bilan bog‘laydigan Termiz-Xayraton” ko‘prigini borib ko‘rdi.
Xolmo‘min Mamatraimov, O‘zA