Termizda yangilangan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi
FOTOREPORTAJ
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida Termiz shahridagi 6-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mukammal ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.
Muassasa investitsiya dasturi doirasida ajratilgan 3,4 milliard so‘m mablag‘ hisobidan to‘liq rekonstruksiya qilindi. Ochilish marosimida Termiz shahar hokimi Sharofiddin Lolayev, nuroniylar, jamoatchilik vakillari, soha mas’ullari, ota-onalar hamda bolajonlar ishtirok etdi.
[gallery-31016]
Amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida bog‘chaning sig‘imi 100 o‘rindan 150 o‘ringa yetkazildi. Kelgusida bu ko‘rsatkichni 210 o‘ringacha oshirish rejalashtirilgan.
Muassasadagi barcha mashg‘ulot xonalari zamonaviy mebel va jihozlar bilan ta’minlandi. Yangi oshxona va kir yuvish xonasi barpo etildi, energiya tejamkorligini ta’minlash maqsadida quyosh panellari o‘rnatildi. Hovli hududida esa bolalar uchun zamonaviy o‘yin maydonchalari tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, yangilangan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida yaratilgan shart-sharoitlar bolajonlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, mazmunli hordiq chiqarishi va sog‘lom voyaga yetishiga xizmat qiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA