Termizda yangi xususiy maktab ish boshladi
Termiz shahrida 1 ming 100 o‘rinli xususiy maktabning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov mamlakatimizda keyingi yillarda ta’limga qaratilayotgan e’tibor sohani har taraflama rivojlantirib, yosh avlodning ilm-fan sirlarini chuqur o‘rganishida muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi. Mamlakatimizda xususiy bog‘cha, maktab va oliy ta’lim muassasalari safi kengayib borayotgani haqida so‘z yuritdi. Tashabbuskor tadbirkorlarning sohaga jahon standartlarini olib kiradigan loyihalarni yo‘lga qo‘yayotgani ta’lim muassasalari o‘rtasida halol raqobatni shakllantirayotgani qayd etildi. Yosh avlodni Yangi O‘zbekistonga munosib o‘g‘il-qizlar etib, kamolga yetkazish maqsadi bilan barcha sharoitlarga ega, zamonaviy xususiy maktab bunyod etgan tadbirkorga chuqur minnatdorlik bildirildi.

Mamlakatimiz ta’lim tizimini yuksaltirishga hissa qo‘shayotgan tadbirkorning barcha sharoitlarga ega 360 o‘rinli xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotida ham jajji bolajonlar tarbiyalanmoqda.

Yangi xususiy maktabni qurib foydalanishga topshirish uchun 8 million dollar mablag‘ sarflanib, 55 nafar malakali pedagogning bandligi ta’minlandi.

Tantanali tadbir yakunida ishtirokchilar ilmga chanqoq o‘quvchilar bilan suhbatlashdi. Sovg‘alar ulashdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri