Termizda TISU Cambridge xalqaro maktabi ochildi
FOTOREPORTAJ
Termiz shahrida “TISU Cambridge” xalqaro maktabining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, nuroniylar, o‘quvchi-yoshlar, ularning ota-onalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mazkur maktab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ta’lim tizimini takomillashtirish va yosh avlod uchun jahon standartlariga mos sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida bunyod etildi. Uni qurish va jihozlashga 15 million dollar mablag‘ yo‘naltirildi.
[gallery-31264]
Ta’lim muassasasi 480 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar va eng so‘nggi rusumdagi jihozlar bilan ta’minlangan. O‘quv xonalari xalqaro talablar asosida tashkil etilgan. Maktabda 17 nafar xorijiy o‘qituvchi va mahalliy mutaxassislar faoliyat yuritadi. Xorijiy pedagoglarning jalb etilishi o‘quvchilarning chet tillari va zamonaviy fanlarni xalqaro muhitda o‘zlashtirishiga, kelgusida nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishiga yangi imkoniyatlar yaratadi.
Maktabning ishga tushirilishi Surxondaryoda zamonaviy ta’limga bo‘lgan talabni qondirish, yoshlar uchun xalqaro mezonlarga mos ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA