Termiz shahrida yagona migratsiya markazi ish boshladi
Xorijda mehnat qilish istagidagi fuqarolarga barcha zarur xizmatni bir joyda ko‘rsatishga mo‘ljallangan markazning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev mamlakatimizda keyingi yillarda chet ellarda mehnat qilishga qiziqish bildirayotgan yurtdoshlarimizga yaratilayotgan sharoitlar, mehnat migrantlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdi. Yangi markazda yaratilgan qulayliklar to‘g‘risida fikr almashdi.
Shaharning Bog‘zor mahallasida qad rostlagan markaz xorijda mehnat faoliyatini olib borishga xohishi bor fuqarolar uchun tegishli xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan zamonaviy tizim asosida tashkil etildi. Zamonaviy binoda yurtdoshlarimiz xalqaro mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qishi, xorijiy tillarni o‘rganishi, xalqaro sertifikat olish uchun imtihonlarda ishtirok etishi, hujjatlarni rasmiylashtirish va viza masalalarida amaliy yordam olishi mumkin. Shuningdek, bepul konsalting xizmatlar ham ko‘rsatiladi. Bu ishlarni sifatli amalga oshirish uchun yuz o‘rinli o‘quv va 18 o‘rinli muzokaralar xonasi, 50 o‘rinli tanlovlar zali, bir vaqtning o‘zida o‘ndan ortiq fuqaroga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega front-ofis barpo etilib, zamonaviy usulda jihozlandi.





Yangi markaz aholining mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi. Xavfsiz va tartibli mehnat migratsiyasini ta’minlab, xorijda ishlash istagini bildirgan fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri