Terma jamoa o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazdi
Joriy yilning 19-sentabr – 4-oktabr kunlari Janubiy Koreyaning Incheon shahrida XVII Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Joriy yilning 19-sentabr – 4-oktabr kunlari Janubiy Koreyaning Incheon shahrida XVII Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Nufuzli sport anjumanining futbol musobaqalarida 23 yoshgacha futbolchilardan iborat O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ishtirok etadi.Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan jamoa a’zolari poytaxtimizda tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashdi. Unga jalb etilgan futbolchilar yig‘in doirasida oliy liganing qator jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazdi.
Dastlab Namanganning “Navbahor” jamoasiga qarshi maydonga tushgan terma jamoa 5:1 hisobida g‘alaba qozondi. Ikkinchi o‘yinda “Metallurg”ni (Bekobod) 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan terma jamoamiz Toshkentning “Paxtakor” jamoasiga qarshi kechgan navbatdagi bahsda raqiblar darvozasiga javobsiz oltita to‘p kiritib, yirik hisobda g‘alabaga erishdi.
Yosh futbolchilar so‘nggi o‘rtoqlik uchrashuvini “Olmaliq” jamoasiga qarshi o‘tkazib, 2:1 hisobida zafar quchdi.