Tergov sudyasiga 11 turdagi sanksiya va majburlov choralarini qo‘llash vakolati beriladi
2024 yil 10 iyunda Prezidentimizning «Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Oliy sud tomonidan mazkur farmon mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalar uchun videokonferensaloqa vositasida o‘tkazilgan tadbirda Adliya va Ichki ishlar vazirliklari, Bosh prokuratura, Advokatlar palatasi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari ishtirok etdi.
Farmon «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlashga qaratilgan.

Shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga erishish maqsadida Prezident farmoni bilan 2025 yil 1 yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi joriy etilishi hamda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritilishi belgilandi.
Tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilib, ular tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinmoqda. Shuningdek, tergov sudyasiga 11 turdagi sanksiyalar va majburlov choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati berilmoqda.

Tadbirda ma’lum qilinganidek, 2023 yil davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga 22 ming 254 ta qamoqqa olish va 624 ta uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma kelib tushgan. Shundan 22 ming 136 ta qamoqqa olish va 622 ta uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma ko‘rib chiqilgan. 577 ta qamoqqa olish va 6 ta uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi iltimosnoma rad qilingan.
Joriy yilning birinchi yarmida 12 ming 293 ta qamoqqa olish va 335 ta uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma kelib tushgan bo‘lib, shundan 12 ming 247 ta qamoqqa olish va 332 ta uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma ko‘rib chiqilgan. 256 ta qamoqqa olish va 5 ta uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi iltimosnoma rad qilingan.
Fikr-mulohazalar hamda savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan seminar davomida bugungi kunda bu turdagi iltimosnomalar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilayotganidan kelib chiqib, bu borada amaliyotda yuzaga kelayotgan muammoli jihatlarga to‘xtalib o‘tildi hamda ularning yechimi yuzasidan takliflar ishlab chiqishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA