Tennischimiz Bolgariya turnirida muvaffaqiyatli qatnashmoqda
Bolgariyaning Plovdiv shahrida tennis bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Challenger 50” toifasidagi xalqaro turnirning saralash musobaqasida O‘zbekistonning uchinchi raketkasi Nikita Belozersev muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Mukofot jamg‘armasi 56 ming 700 dollardan iborat xalqaro turnirda o‘ninchi raqam ostida tasniflangan 17 yoshli Belozersev 1/2 finalda bolgariyalik Anas Mazdrashkini 6/2, 6/2, hal qiluvchi final uchrashuvida reytingda o‘zidan 190 pog‘ona yuqorida borayotgan ruminiyalik Romeyn Fakonni 6/3, 4/6, 6/3 hisoblarida mag‘lub etdi.
Bugun, 23-iyun kuni tennischimiz asosiy to‘rning ilk davrasida dunyo reytingida 363-pog‘onani band etib turgan italiyalik Enriko Dalle Vallega qarshi kortga chiqadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA