Tennischilarimiz xalqaro turnirda chorak finalga chiqdi
Farg‘onada o‘smirlar o‘rtasida Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan tashkil etilayotgan J60 tasnifidagi turnirning yakkalik va juftlik bahslarida chorak finalga yo‘l olgan vakillarimiz nomi aniq bo‘ldi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, musobaqaning o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi 1/4 final bosqichida ikki hamyurtimiz Nikita G‘afurov va Danila Kvasov o‘zaro to‘qnash kelsa, Ahmadjon Toshmuhammedov neytral tennischi Aleksey Ilinni sinovdan o‘tkazadi.
Juftliklar o‘rtasida esa Yusufbek Malikov va Beksulton Vohidov tandemi xitoylik Jeng Chen va Yuxuan Li dueti bilan kuch sinashadi. Shuningdek, Akmal Abdullayev va Suhrob Saidov neytral tennischilar Viktor Makarov va Artem Starikovga qarshi kortga chiqadi.
Qizlar orasidagi yakkalik bahslarida Nigina Alimova qozog‘istonlik Yerkezjan Janatayeva bilan raqobatlashadi.
Shuningdek, yosh tennischimiz Alina Chepelinskaya ispaniyalik Dasha Yuffa bilan tandem hosil qilib juftliklar o‘rtasida 4-raqamda saralangan qozog‘istonlik tennischilar Gulden Azamatkizi va Yasmin Dyussemdayeva bilan yarim final ostonasida bahs olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA