Temuriylar merosi: tarixdan taraqqiyot sari
Mamlakatimizda milliy o‘zlikni anglash, tarixiy adolatni qaror toptirish hamda ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davri davlatchilik maktabini tadqiq etish Yangi O‘zbekiston poydevorini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universitetida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan “Amir Temur va temuriylar davri merosi: davlatchilik, harbiy san’at, ilm-fan va ma’naviy taraqqiyot fenomeni” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ajralib turdi.
Mazkur anjuman Davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-fevraldagi “Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgani uning nufuzini yanada oshirdi. Ilmiy muloqot maydonida Toshkent, Namangan va boshqa viloyatlardan kelgan taniqli olimlar, tarixchilar va keng jamoatchilik vakillari jam bo‘ldi. Shuningdek, ZOOM platformasi orqali masofaviy ishtirok etgan ekspertlar respublika miqyosidagi ilmiy hamjihatlikni namoyish etdi.
Anjumanning yalpi majlisida Amir Temur shaxsi adolat va qudrat uyg‘unligining yuksak namunasi sifatida tahlil etildi. Sohibqironning davlat boshqaruvidagi mukammal tizimi, harbiy strategiyasi va ilm-fanga bo‘lgan beqiyos homiyligi bugungi islohotlar jarayonida ham dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi. Xususan, Amir Temurning 27 davlatni yagona siyosiy makonda birlashtirgani va bu bilan insoniyat tamaddunida yangi davrni boshlab bergani tarixiy dalillar asosida ko‘rsatib o‘tildi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, temuriylar davrida markazlashgan boshqaruv va qonun ustuvorligi davlat barqarorligining bosh mezoni bo‘lgan. Samarqand va Hirot kabi kentlar nafaqat siyosiy, balki jahon ilm-fani va madaniyatining markazlariga aylangani sho‘’ba yig‘ilishlarida atroflicha muhokama qilindi.
— Bugungi anjuman tarixni shunchaki yodga olish emas, balki undan saboq chiqarishga qaratilgani bilan qadrlidir, — deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari Iqboloy Umarova. — Amir Temur va temuriylar davri — yuksak ma’naviyat, ilmga sadoqat va adolatli davlatchilik maktabidir. Ushbu ruhni yoshlar ongiga singdirish Yangi O‘zbekistonning ma’naviy tayanchini yanada mustahkamlaydi.
[gallery-28636]
Sho‘’balarda manbashunoslik, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar va Boburiylar davri adabiy merosi kabi yo‘nalishlarda kechgan bahs-munozaralar ilmiy fikrlar xilma-xilligini namoyon etdi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, mazkur ilmiy-amaliy anjuman tarixiy xotirani zamonaviy tafakkur bilan uyg‘unlashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Globallashuv shiddat bilan kechayotgan davrda bu kabi tadbirlar milliy o‘zlikni asrash va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ishonchli ma’naviy kompas bo‘lib xizmat qiladi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari