“Temurbeklar” musobaqada g‘olib
FOTOREPORTAJ
Andijon garnizoniga qarashli harbiy qismda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Andijon viloyati Kengashi hamkorligida “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Musobaqa yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, harbiy xizmatga qiziqishni oshirish hamda jismoniy tayyorgarlik va jasoratni sinovdan o‘tkazish maqsadida tashkil etildi.
Bellashuvlar davomida ishtirokchilar turnikda tortilish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish, qisqa va uzoq masofalarga yugurish, AK-74 qurolini to‘liq va noto‘liq qismlarga ajratish hamda yig‘ish, shuningdek, pnevmatik quroldan o‘q uzish bo‘yicha mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, Marhamat tumani “Alitepa” MFYning “Temurbeklar” jamoasi musobaqa g‘olibi bo‘ldi. Ulug‘nor tumani Terakzor mahallasining “Shunqorlar” jamoasi ikkinchi, Bo‘ston tumanidagi Madaniyat mahallasining “Temurbeklar” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
[gallery-29469]
G‘olib va faol jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Ta’kidlanganidek, bunday musobaqalar yoshlarning jismoniy va ma’naviy salohiyatini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA