“Temurbeklar” jamoasi g‘olib bo‘ldi
Andijon shahrida harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Zakovat” intellektual bellashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayrami oldidan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida Andijon shahridagi harbiy qism hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Andijon viloyati Kengashi hamkorligida o‘tkazilgan intellektual o‘yini boshlanishidan avval so‘z olgan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Andijon viloyati Kengashi raisi Hamidjon Omonov va boshqalar tadbir qatnashchilarini yaqinlashib kelayotgan mustaqillik bayrami bilan muborakbod etdi, intellektual bellashuv ishtirokchilariga omad tiladi.



“Zakovat” intellektual o‘yini bellashuvida harbiy qism boshqaruv gruhining “Bilimdonlar”, 1- o‘qchi guruhning "Temurbeklar”, 2- o‘qchi guruhining "Ilg‘orlar” hamda maxsus vazifalarni bajaruvchi guruhning "Renesans” jamoalari o‘zaro bellashib, o‘zlarining bilim va mahoratini namoyish etdi.
Qiziqarli o‘tgan bellashuvning yakuniy natijalariga ko‘ra, belgilangan shartlar bo‘yicha eng yuqori ball jamg‘argan “Temurbeklar” jamoasi 1- o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘olib va ishtirokchi jamoalar O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Andijon viloyati Kengashi tomonidan diplom, faxriy yorliq va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.



“Zakovat” bellashuvi harbiy xizmatchilarning intellektual va professional bilim darajasini oshirish bilan birga, ularga bayramona ruh bag‘ishladi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA