“Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovi o‘tkazildi
Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi oldidan
Mamlakatimizda buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlashga qaratilgan ishlar izchil va tizimli davom etmoqda. Bu jarayon nafaqat tarixga ehtirom, balki kelajak avlod tarbiyasiga qaratilgan mustahkam ma’naviy dastur sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bu borada aniq maqsad va ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Ushbu hujjat ijrosi doirasida joylarda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar mazmun va ta’sir jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Jizzax viloyatida harbiy qism va muassasalarda xizmat qilayotgan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovi ana shu ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. U oddiy bellashuvdan ko‘ra kengroq ma’no kasb etib, yosh harbiylar uchun ma’naviy saboq, tafakkur sinovi va vatanparvarlik maktabiga aylandi.
Tanlov O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi, Jizzax harbiy prokuraturasi, Sharof Rashidov nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida yuqori saviyada tashkil etildi. Turli kuch tuzilmalari va ta’lim muassasalaridan saralangan eng munosib ishtirokchilar bilim va zakovatda o‘zaro bellashdilar.
Bellashuvlar Amir Temurning davlatchilik va harbiy san’at borasidagi bebaho qomusi — “Temur tuzuklari” asari asosida o‘tkazildi. Unda mujassam bo‘lgan adolat, qat’iyat, intizom va strategik fikrlash tamoyillari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagani tanlov jarayonida yana bir bor yaqqol ko‘rindi. Ishtirokchilar nafaqat asar mazmunini puxta o‘zlashtirganini, balki uni tahlil qilish, zamonaviy voqelik bilan bog‘lash va mustaqil xulosa chiqarish qobiliyatini ham namoyish etdilar.
Ayniqsa, savol-javob va test sinovlari davomida yosh harbiy xizmatchilarning tezkor fikrlashi, keng dunyoqarashi va nutq madaniyati alohida e’tiborga loyiq bo‘ldi. Bu esa ularning faqat jismonan emas, balki ma’nan ham yetuk kadrlar sifatida shakllanayotganidan dalolat beradi.
[gallery-28539]
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlar yakunida munosiblar saralandi. Birinchi o‘rin Jizzax garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchisi Islomjon Inomjonovga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni DXX Chegara qo‘shinlari vakili Bahrom Latifboyev, uchinchi o‘rinni esa viloyat bojxona boshqarmasi xodimi Sherali Muyassarov egalladi.
G‘olib va ishtirokchilarni taqdirlash marosimi tanlovning mantiqiy yakuniga aylanib, yoshlarda yanada katta ishtiyoq va mas’uliyat tuyg‘usini uyg‘otdi. Jami 65 nafar yosh harbiy xizmatchi qamrab olingan mazkur tadbir ularning ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini mustahkamlash, Vatanga sadoqat va burchga fidoyilik kabi fazilatlarni kuchaytirishga xizmat qildi.
E’tiborlisi shundaki, bu kabi tanlovlar orqali Prezident qarorida belgilab berilgan vazifalar amalda ro‘yobga chiqmoqda. Chunki Amir Temur merosini chuqur o‘rganish — bu faqat tarixni bilish emas, balki davlatchilik tafakkurini anglash, mas’uliyat va adolat mezonlarini hayotga tatbiq etish demakdir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari