Temirchilik mahallaning "drayveri"ga aylandi
Prezident tashrifidan so‘ng
Prezidentimizning shu yil 25-26-mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, mahallalarni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish ustuvor vazifalar sifatida tilga olindi.
Viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish orqali fuqarolarning bandligi va turmush darajasini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish maqsadida “Namangan tajribasi” sifatida 72 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilib, “o‘sish nuqtasi”, ya’ni “drayver” sifatida rivojlantirilmoqda. Ayni vaqtga kelib mazkur sanoat hududlarida umumiy qiymati 5,5 trillion so‘mlik 909 ta loyiha ishga tushirilib, 50 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.
Bugungi kunda kichik sanoat zonalari hududlarning mavjud imkoniyatidan foydalanib, alohida ixtisoslashuv asosida mahallalarda shakllangan temirchilik, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, mebelchilik, asalarichilik kabi yo‘nalishlarida tashkil etilmoqda. Uychi tumanidagi Qumtepa mahallasi hududidagi tashlandiq va chuqur bo‘lgan 3,1 gektar maydonda 2021-yilda tashkil etilgan temirchilikka ixtisoslashgan yoshlar kichik sanoat zonasida dastlabki bosqichda jami 27 milliard so‘mlik 52 ta istiqbolli loyiha amalga oshirilib, 1 ming 550 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Qumtepa, Dehqon, Balandariq va Jiydakapa mahallalaridagi xonadonlarda usta-hunarmandlarga barcha zarur shart-sharoit va imkoniyatlar hozirlandi. Mazkur sanoat majmuasi yo‘l, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va oqova suv kabi barcha infratuzilma tarmoqlari bilan ta’minlandi. Qolaversa, energiya tejamkor usullar joriy etilib, quyosh panellaridan samarali foydalanilmoqda. Sanoat zonasida ustalar tomonidan temirdan darvoza, eshik, so‘ri, panjara va boshqa metall buyumlar ishlab chiqarilmoqda. Xomashyo Samarqanddagi “Aziya metall prof” korxonasi va Toshkent metallurgiya zavodidan olib kelinadi.
Hozir temirchilik mahsulotlari, ayniqsa, temir darvozalarga talab har qachongidan yuqori. Shu boisdan ham tadbirkorlar barcha viloyatlarda o‘z savdo uylari va ishlab chiqarish filiallarini ochgan. Bundan tashqari, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston davlatlariga 1 million 200 ming dollar miqdoridagi mahsulotni eksport qilishga erishildi. Bugun kichik sanoat zonasida samarali faoliyat yuritayotgan “Sanlitun” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Muhammadali Husanov yosh tadbirkorlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan behad minnatdor.
[gallery-16740]
Boisi, u temirchilikka e’tibor yaxshi bo‘lmaganligi sababli so‘nggi olti yil davomida qo‘shni davlatlarda ishlashga majbur bo‘ldi. Unga hunar o‘rgatgan ustasi chaqiruvi bilan Muhammadali 2023-yil fevral oyida yurtimizga qaytib kelib, kichik sanoat zonasida faoliyatini boshladi. Hozir mustaqil ravishda shug‘ullanayotgan tadbirkor darvoza, karavot, tebranma belanchak va ko‘p turdagi temirchilik mahsulotlari ishlab chiqarib, yetti kishini ish bilan ta’minladi. Ular orasida o‘zi kabi migrantlikdan qaytgan uch nafar do‘sti ham bor. Mavsum jarayonida esa ishchilar soni 20 nafarga ortadi.
– Mahsulotlarimizni sotishda yurtimizning barcha hududlarigacha qamrov bor. Hatto qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlaridan katta qiziqish bildirilmoqda. To‘y mavsumi yaqinlashgani sayin ularning ko‘lami yanada ortadi. Ishimizda sifat ustuvor ahamiyat kasb etadi, ayni shuning uchun ham mahsulotlarimizning sifatli bo‘lishiga ahamiyat qaratganmiz, – deydi tadbirkor Muhammadali Husanov. – O‘tgan yilning o‘zida 2,5 milliard so‘mga yaqin tovar aylanmasiga ega bo‘lib, 500 million so‘m sof daromad oldik. Ishchilarimizning daromadi ham shunga yarasha, ya’ni oylik maosh 7-8 million so‘mni tashkil etmoqda. Eng muhimi, mahallamizda ishsiz odamning o‘zi yo‘q.
Yakka tartibdagi tadbirkor Abrorjon Ergashev ustazoda hunarmandlar sirasiga kiradi. Temirchilik qoniga singan bu yigit hunarni otasi Bozorboy akadan bolaligidanoq qunt bilan o‘rgangan. Kichik sanoat zonasida temir mahsulotlariga ishlov berishda uning mahoratiga katta baho berishadi.
– Sakkiz yildan buyon mustaqil ravishda ish yuritib kelaman. Bugungi ish faoliyatimizdan barcha mamnun. Negaki, biz yaqingacha og‘ir sharoitlarda ishlardik. Temirchilar uchun bo‘sh yerlar mavjud emas edi, – deydi Abrorjon Ergashev. – Biz o‘z xonadonlarimizda faoliyat yuritib keldik. Ishimiz jarayonidagi yuqori shovqin sababli ko‘pchilik norizo bo‘lardi. Buning ustiga elektr energiyasidan muntazam uzilib qolishi hisobiga dastgohlarimiz past bosimli kuchlanishda mahsulot sifatini ta’minlay olmasdi. Bugun esa faxr bilan aytamizki, Qumtepa mahallamizning “o‘sish nuqtasi” – temirchilik sanoat darajasiga aylandi.
Kichik sanoat zonasida ayni paytda boshqa hududlardan olib kelinayotgan xomashyoni mahalliylashtirishga e’tibor qaratilmoqda. Masalan, KSZdagi subyektlardan biri “Lider metall” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan sanoat hududida joylashgan tadbirkorlarga xomashyoni shu joyning o‘zida yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi. Bu, o‘z navbatida, har bir mahalliy ishlab chiqaruvchiga 100 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ni tejash imkonini beradi.
– Mamlakatimiz rahbari “Qumtepa” yoshlar kichik sanoat zonasidagi ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirib, temirchi hunarmandlar bilan dildan suhbatlashdi. Biz mutasaddilarga sanoat zonasi maydonidan samarali foydalanish, ishsiz fuqarolar, ayniqsa, yosh yigit-qizlarni hunarga yo‘naltirish borasida aniq yechimlari bilan ko‘rsatmalar berildi, – deydi Uychi tumanidagi “Qumtepa” mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi Nuriddin Dadaboyev. – Topshiriqlar ijrosini so‘zsiz ta’minlash maqsadida kelgusida kichik sanoat zonasida ikkinchi bosqichda ko‘zda tutilgan ishlar davom ettiriladi. Tadbirkor va hunarmandlarni jalb etgan holda yana 45 ta loyiha joylashtiriladi. Mazkur xayrli ishlarni amalga oshirish natijasida “Usta-shogird” an’analari asosida 1 ming 330 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri