Teatrning ahvoli bugungi talabga javob beradimi?
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov O‘zbekiston davlat musiqali komediya (Operetta) teatridagi muammo va kamchiliklarni o‘rganmoqda.
Mazkur teatr binosi 1972 yilda barpo etilgan bo‘lib, binoning bugungi holati to‘liq rekonstruksiyaga muhtoj. Bundan tashqari, teatr binosining katta ko‘chadan ichkarida joylashganligi va ko‘rimsiz holga kelib qolganligi tomoshabinlar va teatr xodimlari uchun noqulayliklar keltirib chiqarmoqda.
Vazir teatr binosining tashqi va ichki qismlarini ko‘zdan kechirar ekan, shu holatda ham samarali ijod qilayotgan teatr jamoasining xizmatlarini e’tirof etdi.
Moddiy-texnik bazasi, tomoshabinlar zali va sahnasi, ovoz va yoritish uskunalari holatini o‘rganish jarayonida joriy yilning o‘zida rekonstruksiya ishlarini boshlash lozimligini ta’kidladi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
O.Nazarbekov fikricha, ta’mirga muhtoj ushbu teatrda professional ijodiy muhit bor.

Respublikamizda faoliyat olib borayotgan teatrlar orasida samarali ijod qilayotgan, boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan darajadagi ahil jamoaga ega bo‘lgan teatr bu — O‘zbekiston davlat musiqali komediya (Operetta) teatri hisoblanadi. Teatr jamoasi tomonidan ayniqsa, bolajonlar uchun sahnalashtirilayotgan ertak-spektakllar allaqachon tomoshabin qalbidan joy olgan, ularning o‘z muxlisi, uslubi bor.
Biroq teatr joylashgan binoning bugungi holati achinarli. Mazkur teatrga tashrifdan maqsad ham bu yerdagi kamchilik va muammolarni ipidan ignasigacha o‘rganish, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish, teatr jamoasining ijodiy faoliyati uchun yetarli sharoit yaratishdan iborat.
2022 yilda mazkur teatrning 50 yillik yubileyini keng tarzda nishonlashni rejalashtirilgan ekan, joriy yildayoq ta’mirlashni boshlash zarur. Qolaversa, moddiy-texnik bazasi ham yangilanishga muhtoj, ayniqsa tomoshabinlar zali va sahnasi, ovoz va yoritish uskunalari zamon talablariga to‘liq javob bera olmayapti. Biroq shunday holatda ham teatr jamoasi rang-barang spektakllar namoyishi orqali tomoshabin ko‘nglidan joy olmoqda. Spektakllar mavzusi, professionallik darajasi, sifati, o‘ziga xosligi va yondashuvi orqali alohida ahamiyat kasb etadi.
Biroq masala boshqa tomonda. Reklama va marketing xizmati sust va aholining xabardorlik darajasi past. Har gal teatrda spektakllar sahnalashtiramiz, ammo uning tomoshabini kam sonli muxlislar bo‘ladi. Doim bizni qiynaydigan savol bor, qanday qilsak yurtdoshlarimizni teatrga qaytara olamiz? Teatrlar reytingini aniqlash usullari qanday? Teatr jamoasi bilan uchrashuv chog‘ida shu va boshqa masalalar yuzasidan fikr-mulohaza almashildi.