“Teatr oyligi”: amaliy muloqot va sahna asarlari yoshlarga yoqdi
Teatr ma’rifat ulashuvchi, sahna va tomoshabin o‘rtasida jonli muloqot o‘rnatuvchi maskan bo‘lib, bu dargohda yuksak fazilatlar hamda umuminsoniy g‘oyalar tarannum etiladi.
Maktab va maktabgacha ta’lim, Madaniyat va turizm vazirligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi qo‘shma qaroriga asosan may oyi mamlakatimizda “Teatr oyligi” deb e’lon qilingan edi. Oylik doirasida Farg‘ona viloyati san’at ustalari, teatr ijodiy jamoalari yoshlar bilan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazib , sara sahna asarlarini namoyish etmoqda.

– Maktabimiz o‘quvchi – yoshlari va viloyat rus drama teatri ijodiy jamoasi bilan bo‘lib o‘tgan jonli muloqot, sahna tomoshalari esda qolarli voqea va hodisalarga boy bo‘ldi, – deydi Farg‘ona shahridagi 15–umumta’lim maktabi direktori Muhayyo Yusupova. – Bunday muloqotlar avvalo barkamol avlod ta’lim-tarbiyasi, tafakkur xazinasini, teatr, sahna san’ati va ijodiy ish jarayoni bilan bog‘liq tasavvurlarini yanada boyitadi. Dunyoqarashlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
– Viloyat qo‘g‘irchoq teatrining “Ochil dasturxon” sahna asarini miriqib tomosha qildik, –deydi Farg‘ona shahridagi 7-umumta’lim maktabi 6 -sinf o‘quvchisi Shoxzamon Abduraxmonov. – Hammamizga tanish bo‘lgan ertak qahramonlari bilan muloqot qilish, bir sahna, ezu maqsad atrofida jam bo‘lish boshqacha bo‘larkan. O‘zimizni ertaklar olamida yurgandek his qildik. Taassurotlarimiz bir olam. Sinf rahbarimiz bilan qo‘g‘irchoq teatriga tez-tez kelib, yangi sahna asarlarni tamosha qilishni maqsad qildik.

Qiziqarli savol-javoblar, amaliy muloqotlarga boy bo‘lgan teatr oyligi doirasida viloyat musiqali drama teatri jamoasi tomonidan “Sehrli libos”, “Ufq”, “Oltin jo‘ja”, Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatri “Sehrli chimildiq yoxud yoshlikni qo‘msab”, “Navoiy”, “Halima”, viloyat qo‘g‘irchoq teatrining “Musiqali choyxona”, “Karvonsaroy”, “Ochil dasturxon” kabi sahna asarlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
M.Sulaymonov, O‘zA