TDT mamlakatlari bojxona tartibini soddalashtiradi
Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) bojxona xizmati rahbarlari 12-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkiya mutaxassislari, TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, shuningdek Turkmaniston, Jahon bojxona tashkiloti va Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar ilgari qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish, soddalashtirilgan bojxona yo‘lagini rivojlantirish, raqamli transformatsiya, elektron ma’lumot almashinuvi, xavfni boshqarish va bojxona laboratoriyalari hamkorligi masalalarini muhokama qilishdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ustuvor yo‘nalishlar va kelgusi amaliy qadamlarni belgilovchi bayonnoma imzoladilar.
TDT bojxona xizmatlari keyingi yig‘ilishi 2027-yil Turkiyada o‘tkazilishi belgilandi.
S.Rahimov, O‘zA