Tayvan muxolifati vakili Xitoyga yo‘l oldi
Tayvan muxolif partiyasi rahbari Chen Li-ven Xitoyga tashrif buyurib, Si Szinpin bilan uchrashishi kutilyapti. U Gomindan partiyasi yetakchisi sifatida so‘nggi o‘n yil ichida XXRga borgan ilk amaldagi rahbar hisoblanadi. Chen mazkur safarni “tinchlik uchun ko‘prik” deb atadi va muloqot orqali o‘zaro munosabatni yumshatishdan umidvorligini bildirdi. Siyosatchining olti kunlik dasturi Shanxay, Nankin va Pekinni qamrab oladi.
Bu voqea Tayvan ichida keskin bahs keltirib chiqardi. Hokimiyatdagi yetakchi Demokratik ilg‘or partiya Chenni Pekinga “bo‘ysunishda” ayblab, safar rejasini tanqid qildi. Ushbu fraksiya Xitoyni mintaqaviy tinchlikka tahdid solayotgan asosiy kuch sifatida ko‘radi. Orol hukumati jarayon diqqat bilan kuzatilishini ma’lum qildi.
XXR o‘z hududi deb hisoblaydigan Tayvanni qo‘shib olish uchun kuch ishlatish ehtimolini hech qachon istisno qilmagan. Orolda esa “hozirgi holatni saqlash” tarafdorlari ham ko‘p: na rasman mustaqillik e’lon qilish, na birlashish. Shu bois, ayni payt har qanday diplomatik aloqa juda ta’sirchan hisoblanadi. Bu muvozanatda, ayniqsa, AQSH bilan munosabat ham muhim.
Tahlilchilar fikricha, Chen Li-ven shu tariqa o‘zini muzokara olib bora oladigan siyosiy shaxs sifatida ko‘rsatmoqchi. Uning bu qadami mahalliy saylov oldidan o‘z siyosiy nufuzini oshirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Binobarin, jamoatchilik orasida ayni yondashuv bahsli ko‘rinadi. Ko‘pchilik Chenni vaziyatga qarab qarashini o‘zgartiradigan siyosatchi sifatida baholamoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA