Tatariston delegatsiyasi Buxoroda
Rossiya Federatsiyasining yirik iqtisodiy hududlaridan biri Tatariston Respublikasi raisining yordamchisi Gazinur Bakirov boshchiligidagi hukumat va ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat delegatsiya Buxoro viloyatida yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.
Dastlab delegatsiya vakillari “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar, joriy yilda erkin iqtisodiy zona hududini kengaytirish maqsadida ajratilgan yangi hududda hamda “Yangi O‘zbekiston” massividagi qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan tanishtirildi. Mehmonlar “Parvoz Xumo Ravnaq trans” MCHJning ip-kalava ishlab chiqarish va ip-kalavadan mato to‘qish, matoni bo‘yash va matoga gul bosishni tashkil etish loyihalari bilan tanishdi. Bu yerda kelgusidagi o‘zaro ikki tomonlama hamkorlikni o‘rnatish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Viloyat hokimligida kechgan samimiy va do‘stona ruhdagi muloqotda viloyat hokimi Botir Zaripov tatar delegatsiyasining mazkur tashrifi Tatariston va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirdi.
Uchrashuvda Buxoro viloyati va Tatariston o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish masalalari keng muhokama qilindi.

Tatariston Respublikasi “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasi direktori T.Shagivaleyev maxsus iqtisodiy zonaning imkoniyatlari taqdimotini o‘tkazdi. Muzokaralar davomida Buxoro viloyatida Tatariston Respublikasi bilan hamkorlikda yangi erkin iqtisodiy zona tashkil etish yuzasidan yo‘l xaritasi tuzish, o‘zaro teng manfaatli hamkorlikda elektrotexnika, charm mahsulotlari ishlab chiqarish hamda farmatsevtika sohalarida bir qator loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama tashriflarni tashkil etishga kelishib olindi.
Zarif Komilov,
O‘zA